Maxsus ko'rsatmalar
Kardiovaskulyar buzilishlar
NPVP qo‘llanilishi yurak-qon tomir tizimi tomonidan jiddiy buzilishlar, o‘lim bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan, masalan, miokard infarkti va insult xavfining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Preparatni uzoq muddat qabul qilayotgan, yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lgan va ularning rivojlanish xavf omillariga ega bo‘lgan bemorlarda jiddiy kardiovaskulyar buzilishlar ehtimoli oshadi. Potensial xavfni kamaytirish uchun preparatni minimal samarali dozalarda eng qisqa muddatda qo‘llash kerak. Bemorlarni yurak-qon tomir tizimi tomonidan jiddiy buzilishlarning belgilaridan va simptomlaridan xabardor qilish lozim. Asetilsalitsil kislotasi va boshqa NPVP bilan bir vaqtda qo‘llash OVQAT yo‘llari tomonidan jiddiy nojo‘ya ta’sirlar xavfini oshiradi.
Gipertenziya
Aksen Fort preparatini gipertenziyasi bo‘lgan bemorlarga ehtiyotkorlik bilan buyurish kerak. NPVP qabul qilinayotganda arterial bosimni nazorat qilish lozim.
Yurak yetishmovchiligi va shish
NPVP qabul qilayotgan ayrim bemorlarda suyuqlik ushlanishi va shishlar kuzatilgan. Preparatni yurak yetishmovchiligi va suyuqlik ushlanishi bo‘lgan bemorlarga ehtiyotkorlik bilan buyurish kerak.
Ovqat hazm qilish yo‘llaridan qon ketishi, yara va perforatsiya
NPVP OVQAT yo‘llari tomonidan o‘lim bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan jiddiy shikastlanishlar, masalan, yallig‘lanish, qon ketishi, yara yoki perforatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday reaksiyalar davolashning istalgan davrida, simptomlar bilan yoki simptomsiz yuzaga kelishi mumkin. OVQAT yo‘llari tomonidan nojo‘ya ta’sirlar xavfini kamaytirish uchun preparatni minimal samarali dozalarda eng qisqa muddatda qo‘llash kerak.
Buyrak tomonidan buzilishlar
NPVP uzoq muddat qo‘llanilganda papillyar nekroz va buyrak tomonidan boshqa buzilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Anafilaqtoid reaksiyalar
Boshqa NPVP kabi, Aksen Fort qabul qilayotgan bemorlarda anafilaqtoid reaksiyalar kuzatilishi mumkin. Anamnezida aspirin triadasi bo‘lgan bemorlarga preparat buyurilmaydi.
Oftalmologik reaksiyalar
Ko‘rish buzilishi bo‘lgan bemorlarga oftalmologik tekshiruv o‘tkazish kerak.
Teri reaksiyalari
NPVP o‘lim bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan jiddiy teri reaksiyalariga, masalan, eksfoliativ dermatit, Stivens-Djonson sindromi, toksik epidermal nekrolizga sabab bo‘lishi mumkin. Bemorlar teri reaksiyalarining birinchi belgilarida preparatni qabul qilishni to‘xtatish zarurligi haqida xabardor qilinishi kerak.
Jigar tomonidan buzilishlar
Jigar kasalliklarining klinik simptomlari yoki tizimli namoyonlar (masalan, eozinofiliya, toshma va boshqalar) paydo bo‘lsa, preparatni qabul qilishni to‘xtatish kerak.
Gematologik reaksiyalar
Ayrim bemorlarda NPVP trombotsitlar agregatsiyasini ingibitsiya qilishi va qon ketish vaqtini uzaytirishi mumkin. Koagulopatiyasi bo‘lgan, antikoagulyantlar qabul qilayotgan bemorlar nazorat ostida bo‘lishi kerak.
Astma
Aspiringa sezgir bemorlarga Aksen Fort preparatini buyurish mumkin emas, chunki aspirin va boshqa NPVP o‘rtasida o‘zaro reaktivlik mavjud. Anamnezida astma bo‘lgan bemorlarda Aksen Fort ehtiyotkorlik bilan qo‘llanadi.
Homiladorlik va laktatsiya davrida qo‘llanilishi
NPVP qo‘llanilishi homilada arterial o‘tqazgichning erta yopilishiga, tug‘ruqning kechikishiga va yangi tug‘ilgan chaqaloqda sariqlik rivojlanishiga olib kelishi mumkinligi sababli, homiladorlikning kech davrida preparatni qo‘llashdan saqlanish kerak.
Homiladorlik davrida preparatni faqat zarur hollarda qo‘llash kerak.
Laktatsiya davrida preparatni qo‘llash tavsiya etilmaydi.
Transport vositalarini va boshqa potensial xavfli mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri
Aksen Fort tabletkalarini qabul qilganda ayrim bemorlarda uyquchanlik, bosh aylanishi, uyqusizlik yoki depressiya kuzatilishi mumkin. Bu holat avtomobil boshqarishda va yuqori e’tibor talab qiladigan vazifalarni bajarishda inobatga olinishi kerak.