Maxsus ko'rsatmalar
Jigar funksiyasi buzilgan bemorlar
Dori vositasi bilan davolashda, ayniqsa uzoq muddatli qo'llanilganda, og'ir jigar funksiyasi buzilishlarida jigar fermentlari darajasini muntazam nazorat qilish zarur. Jigar fermentlari darajasi oshgan taqdirda davolashni to'xtatish kerak.
YOKV bilan birga qo'llash
Nolpaza preparatini, 20 mg enterik qoplangan tabletkalarini, YOKV qabul qilish natijasida yuzaga kelgan me'da va o'n ikki barmoqli ichak yarasining oldini olish uchun uzoq muddatli qo'llash, me'da va o'n ikki barmoqli ichak yarasi tez-tez zo'rayadigan bemorlarda cheklanishi kerak.
Risk darajasini baholash individual xavf omillarini, shu jumladan yoshni (>65 yosh), me'da yoki o'n ikki barmoqli ichak yarasi rivojlanishining anamnezini, shuningdek, me'da-ichak qon ketishlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
OIV proteaza ingibitorlari. Pantoprazolni OIV proteaza ingibitorlari (masalan, atazanavir) bilan birga qo'llash tavsiya etilmaydi, ularning so'rilishi ichak ichidagi pH ga bog'liq, chunki ularning biologik mavjudligi sezilarli darajada kamayadi (qarang: Boshqa dori vositalari bilan o'zaro ta'siri va boshqa o'zaro ta'sir turlari).
Vitamin B12 so'rilishiga ta'siri
Pantoprazol gipoxloridriya yoki axloridriya yuzaga kelishi bilan bog'liq ravishda vitamin B12 (sianokobalamin) so'rilishini kamaytirishi mumkin. Bu tana vazni past bo'lgan bemorlarda yoki vitamin B12 (sianokobalamin) o'zlashtirilishini kamaytiruvchi xavf omillari mavjud bo'lsa, ayniqsa uzoq muddatli davolashda yoki mos klinik simptomlar mavjud bo'lsa, hisobga olinishi kerak.
Uzoq muddatli davolash
Davolash muddati 1 yildan ortiq bo'lsa, bemor doimiy kuzatuvda bo'lishi kerak.
Me'da xavfli o'smalari
Pantoprazolni simptomatik javobi me'daning xavfli o'smalari simptomlarini niqoblash va ularning diagnostikasini kechiktirishga olib kelishi mumkin. Xavotirli simptomlar (masalan, tana vaznining sezilarli yo'qolishi, vaqti-vaqti bilan qusish, disfagiya, qonli qusish, anemiya, melena) mavjud bo'lsa, shuningdek, me'da yarasi gumoni yoki mavjud bo'lsa, xavfli jarayon mavjudligini istisno qilish kerak.
Adekvad davolashda simptomlar saqlanib qolsa, qo'shimcha tekshiruv o'tkazish zarur.
Gipomagniemiya
PPI, masalan, pantoprazolni kamida uch oy davomida, ko'p hollarda bir yil davomida qabul qilgan bemorlarda og'ir gipomagniemiya holatlari kuzatilgan. Gipomagniemiyaning quyidagi jiddiy klinik ko'rinishlari paydo bo'lishi va dastlab sezilmasdan rivojlanishi mumkin: charchoq, tetaniya, deliriya, tutqanoq, bosh aylanishi va qorinchadan chiqadigan aritmiya. Gipomagniemiya yuzaga kelganda, ko'p hollarda bemorlarning ahvoli magniy preparatlari bilan o'rnini bosuvchi tuzatish terapiyasi va PPI qabul qilishni to'xtatgandan so'ng yaxshilangan.
Uzoq muddatli terapiya talab qilinadigan bemorlar yoki PPI ni digoksin yoki gipomagniemiya chaqirishi mumkin bo'lgan preparatlar (masalan, diuretiklar) bilan birga qabul qilayotgan bemorlarda PPI bilan davolashni boshlashdan oldin va davolash davomida vaqti-vaqti bilan magniy darajasini aniqlash kerak.
Suyak sinishlari
Uzoq muddatli (1 yildan ortiq) yuqori dozalarda proton nasos ingibitorlarini qo'llash son, bilak va umurtqa sinishlari xavfini, asosan, keksalarda yoki boshqa xavf omillari mavjud bo'lsa, o'rtacha oshirishi mumkin. Kuzatuv tadqiqotlari proton nasos ingibitorlarini qo'llash umumiy sinishlar xavfini 10-40% ga oshirishi mumkinligini ko'rsatadi. Ularning ba'zilari boshqa xavf omillari bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Osteoporoz rivojlanish xavfi bo'lgan bemorlar amaldagi klinik tavsiyalarga muvofiq davolanishi va yetarli miqdorda vitamin D va kalsiy qabul qilishi kerak.
Bakteriyalar chaqirgan me'da-ichak infeksiyalari
Davolash preparati Salmonella va Campylobacter yoki C. Difficile bakteriyalari chaqirgan me'da-ichak infeksiyalari rivojlanish xavfini biroz oshirishi mumkin.
Subakut teri qizil volchankasi
Proton nasos ingibitorlarini qo'llash juda kam hollarda subakut teri qizil volchankasi rivojlanishi bilan bog'liq. Agar zararlanish, ayniqsa quyosh nuri ta'siriga uchragan sohalarda paydo bo'lsa va bu artralgiyalar bilan birga bo'lsa, bemor darhol shifokorga murojaat qilishi kerak, shifokor Nolpaza preparatini qo'llashni to'xtatish zarurligini ko'rib chiqadi. Proton nasos ingibitorlari bilan oldingi terapiya vaqtida subakut teri qizil volchankasi rivojlanishi boshqa proton nasos ingibitorlarini qo'llashda ham uning rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
Laborator tekshiruv natijalariga ta'siri.
Xromogranin A (CgA) darajasining oshishi neyroendokrin o'smalarni diagnostika qilishda tekshiruv natijalariga ta'sir qilishi mumkin. Bunday ta'sirni oldini olish uchun Nolpaza preparati bilan davolash CgA darajasini baholashdan kamida 5 kun oldin vaqtincha to'xtatilishi kerak (qarang: «Farmakodinamika» bo'limi). Agar CgA va gastrin darajalari dastlabki o'lchovdan so'ng normal diapazonga qaytmasa, proton nasos ingibitorlari bilan davolash to'xtatilganidan 14 kun o'tgach qayta o'lchov o'tkazish kerak.
Yordamchi moddalarga oid ma'lumot
Nolpaza preparati sorbit saqlaydi. Fruktozani o'zlashtira olmaslikning kam uchraydigan irsiy kasalliklari bo'lgan bemorlarga preparatni qo'llash mumkin emas.
Homiladorlik va laktatsiya davri
Homilador ayollarda Nolpaza qo'llanilishi bo'yicha mavjud ma'lumotlar preparatning embrion yoki feto/neonatal toksikligi yo'qligini ko'rsatadi. Hayvonlarda reproduktiv toksiklik kuzatilgan. Ehtiyot chorasi sifatida Nolpaza preparatini homilador ayollarga qo'llashdan saqlanish kerak.
Hayvonlarda o'tkazilgan tadqiqotlar pantoprazolning ona sutiga ajralishini ko'rsatdi. Pantoprazolning inson ona sutiga ajralishi bo'yicha yetarli ma'lumot yo'q, biroq bunday ajralish haqida xabar berilgan. Yangi tug'ilgan/chaqaloqlar uchun xavfni istisno qilib bo'lmaydi. Emizishni to'xtatish yoki Nolpaza preparati bilan davolashni to'xtatish/voz kechish to'g'risida qaror qabul qilishda emizishning bola uchun foydasi va Nolpaza preparati bilan davolashning ayol uchun foydasi hisobga olinishi kerak.
Pantoprazol hayvonlarda o'tkazilgan tadqiqotlarda fertilitetni buzmagan.
Avtomobil va murakkab mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta'siri
Pantoprazol avtomobil yoki boshqa mexanizmlarni boshqarishda reaksiya tezligiga ta'sir qilmaydi yoki juda kam ta'sir ko'rsatadi. Bosh aylanishi va ko'rish buzilishlari kabi nojo'ya reaksiyalar rivojlanishi mumkinligini hisobga olish zarur (qarang: «Nojo'ya reaksiyalar»). Bunday hollarda avtomobil boshqarish yoki boshqa mexanizmlar bilan ishlash mumkin emas.