Maxsus ko'rsatmalar
Dorini qo‘llashni boshlashdan oldin mavjud gipokaliemiya, giponatriemiya yoki gipovolemiya bartaraf etilishi va siydik ajratish buzilishlari tuzatilishi kerak.
Diuretik bilan uzoq muddatli davolashda elektrolit muvozanatini, ayniqsa, qon plazmasidagi kaliy darajasini muntazam nazorat qilish tavsiya etiladi (ayniqsa, bir vaqtda naparstyan glyukozidlari, GKС, mineralokortikosteroidlar yoki ich ketkazuvchi vositalarni qabul qilayotgan bemorlarda), glyukoza, siydik kislotasi, kreatinin va qon lipidlari darajasini nazorat qilish kerak.
Giperurikemiya va podagra rivojlanishiga moyil bemorlar alohida e’tiborni talab qiladi.
Aniq yoki yashirin qandli diabeti bo‘lgan bemorlarda uglevod almashinuvini nazorat qilish zarur.
Klinik qo‘llash tajribasi yetarli bo‘lmagani sababli torasemidni quyidagi holatlarda buyurish tavsiya etilmaydi: kislota-ishqor muvozanati patologik o‘zgarishlarida; qon manzarasining patologik o‘zgarishlarida, masalan, trombotsitopeniya yoki anemiya buyrak yetishmovchiligi bo‘lmagan bemorlarda; bir vaqtda litiy, aminoglikozidlar, sefalosporinlar bilan; buyrak funksiyasi nefrotoksik moddalar ta’sirida buzilganida; bolalarda; keksalarda (dozalash bo‘yicha tavsiyalar yo‘q).
Torasemidni jigar sirrozi va assit bilan kechuvchi jigar kasalliklari bo‘lgan bemorlarda alohida ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak, chunki suv-elektrolit muvozanatining to‘satdan o‘zgarishi jigar komasiga olib kelishi mumkin. Ushbu guruh bemorlarni torasemid (va boshqa diuretiklar) bilan davolash shifoxona sharoitida o‘tkazilishi kerak. Gipokaliemiya va metabolik atsidozni oldini olish uchun preparatni aldosteron antagonistlari yoki organizmda kaliy ushlab turuvchi preparatlar bilan birga buyurish kerak.
Torasemid qabul qilingandan so‘ng ototoksiklik (quloqda shovqin va eshitishning yo‘qolishi) holatlari kuzatilgan, ular qaytuvchan bo‘lgan, biroq preparatni qo‘llash bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik aniqlanmagan.
Diuretik vositalarni buyurishda elektrolit muvozanati, gipovolemiya, ekstrarenal azotemiya va boshqa buzilishlarning klinik simptomlarini diqqat bilan nazorat qilish zarur, ular og‘iz qurishi, chanqoq, holsizlik, sustlik, uyquchanlik, qo‘zg‘aluvchanlik, mushak og‘rig‘i yoki tirishishlar, miasteniya, gipotoniyaga, oliguriya, taxikardiya, ko‘ngil aynishi, qusish ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Haddan tashqari diurez organizmning suvsizlanishiga, aylanayotgan qon hajmining kamayishiga, tromboz va qon tomirlarining emboliyasiga olib kelishi mumkin, ayniqsa, keksalarda. Davolash boshida va keksalarda gemokontsentratsiya va elektrolit yo‘qotilishi belgilariga e’tibor qaratish kerak.
Suv-elektrolit muvozanati buzilgan bemorlarda preparatni qo‘llashni to‘xtatish va nojo‘ya ta’sirlar bartaraf etilgandan so‘ng davolashni pastroq dozalardan boshlash kerak.
Preparatni buyurishda qon plazmasidagi kaliy va boshqa elektrolitlar miqdorini muntazam laborator nazorat qilish zarur. Qon hujayralarini (eritrotsitlar, leykotsitlar, trombotsitlar soni) ham muntazam nazorat qilish kerak.
Buyrak yoki jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda preparatni dozalash bo‘yicha ma’lumotlar cheklangan. Jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarga preparatni ehtiyotkorlik bilan buyurish kerak, chunki torasemidning plazmadagi konsentratsiyasi oshishi mumkin.
Diuretik bilan davolashda doping-testlar o‘tkazilganda ijobiy natijalar bo‘lishi mumkin.
Torasemid Sandoz 5 mg, 10 mg, 20 mg tabletkalari laktosa saqlaydi. Agar bemorda ayrim shakarlarni o‘zlashtira olmaslik aniqlangan bo‘lsa, ushbu preparatni qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing. Noyob irsiy galaktoza o‘zlashtira olmaslik, laktaza yetishmovchiligi yoki glyukoza-galaktoza malabsorbsiyasi sindromi bo‘lgan bemorlarga preparat tavsiya etilmaydi.
Torasemid Sandoz 50 mg, 100 mg, 200 mg tabletkalari vodorodlangan kastor yog‘i saqlaydi, bu oshqozon buzilishi va diareyaga olib kelishi mumkin.
Homiladorlik yoki emizish davrida qo‘llash
Homiladorlik. Torasemidning odam embrioni va homilaga ta’siri bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Torasemidning reproduktiv toksikligi haqida ma’lumotlar mavjud. Torasemid platsentar to‘siqdan o‘tadi. Yuqoridagilarga ko‘ra, torasemidni homiladorlik davrida faqat hayotiy ko‘rsatmalar bo‘yicha va minimal samarali dozada qo‘llash mumkin.
Diuretiklar homilador ayollarda arterial gipertenziya yoki shishlarni standart davolash sxemasi uchun mos emas, chunki ular platsentar to‘siq perfuziyasini kamaytirishi va homilaning bachadondagi rivojlanishiga toksik ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar torasemid homilador ayollarda yurak yoki buyrak yetishmovchiligini davolash uchun qo‘llansa, elektrolitlar va gematokrit, shuningdek, homila rivojlanishini diqqat bilan monitoring qilish zarur.
Emizish davri. Hozirda torasemid hayvonlar yoki odamlarning ko‘krak sutiga o‘tadimi, noma’lum. Yangi tug‘ilgan/ko‘krak suti bilan oziqlanayotgan bolalarda preparatni qo‘llash xavfi istisno qilinmaydi. Shuning uchun preparatni emizish davrida qo‘llash mumkin emas. Agar ushbu davrda torasemidni qo‘llash zarur bo‘lsa, emizishni to‘xtatish kerak.
Fertillik. Torasemidning inson fertilitetiga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
Bola. Preparat bolalarda qo‘llanilmaydi, chunki ma’lumotlar yo‘q.
Transport vositalarini boshqarish yoki mexanizmlar bilan ishlashda reaksiya tezligiga ta’sir qilish qobiliyati. Torasemidga individual reaksiya aniqlanmaguncha, davolash vaqtida transport vositalarini boshqarishda va yuqori diqqat va psixomotor reaksiyalar tezligini talab qiluvchi boshqa potensial xavfli faoliyat turlari bilan shug‘ullanishda ehtiyotkorlikka rioya qilish kerak.