Farmakologik xususiyatlari
Kuchli qaytaruvchi xususiyatlari tufayli vitamin S inson organizmida sodir bo‘ladigan ko‘plab metabolik almashinuvlarda ishtirok etadi. Askorbin kislotasi elektrolitlar va fermentlarni tashiy oladi. Askorbin kislotasi immunitetga, detoksikatsiya jarayonlariga, foliy kislotasini uning faol shakli – folin kislotasiga aylanishiga, xolesterin almashinuvi, temir o‘zlashtirilishiga ta’sir qiladi, shuningdek, peroksidlanish jarayonlarini oldini oladi. Kollagen, elastin va proteoglikanlar biosintezida ishtirok etib, askorbin kislotasi biriktiruvchi to‘qima hosil bo‘lishida ham ishtirok etadi, natijada barcha to‘qimalarning hujayra ichki tuzilishini integratsiyalash va qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi. Organizm oqsillarining 30-40% ini tashkil etuvchi kollagen biriktiruvchi to‘qimaning asosiy qurilish komponentidir. Teri, qon tomir endoteliyasi, boylamlar, paylar, suyaklar, tishlar, ko‘zning shox pardasi, shuningdek, hujayralarni biriktiruvchi hujayra oraliq moddasining tarkibiga kiradi. Yara, toshma, suyak sinishlarining bitish jarayoniga ta’sir qiladi. Askorbin kislotasi – vitamin S – bu suvda eriydigan vitamin bo‘lib, inson organizmida sintez qilinmaydi. Askorbin kislotasi ko‘plab omillar ta’siriga juda sezgir va yorug‘lik, yuqori harorat va havodagi kislorod ta’sirida parchalanadi. Organizmning himoya tizimi to‘g‘ri ishlashi uchun to‘qimalarning askorbin kislotasi bilan optimal to‘yinganligi muhim ahamiyatga ega. Leykotsitlar tomonidan askorbin kislotasining ko‘proq o‘zlashtirilishi natijasida uning qon zardobidagi konsentratsiyasi kamayadi. Vitamin S ni shamollashning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilan qabul qilish qon zardobida uning konsentratsiyasini sezilarli darajada oshiradi, u yerdan esa uni to‘qimalarda fagotsit hujayralar o‘zlashtiradi. Vitamin S ni qo‘llash shamollash davomiyligi va og‘irligini o‘rtacha 23% ga qisqartirishi va yengillashtirishi isbotlangan. Askorbin kislotasi yetishmovchiligi scorbut (tsinga) rivojlanishiga olib keladi. Vitamin S yetishmovchiligi simptomlari: asabiylikning oshishi, taxipnoe, dispepsiya, ishtahaning yo‘qolishi, oyoqlarning xos holati, shish va suyak osti qon quyilishi, milklarning yallig‘lanish o‘zgarishlari, dentin tuzilishining buzilishi, uzun suyaklarning rentgenologik o‘zgarishlari, epifiz sohasida og‘riqli giperoztoz (Meller-Barlow kasalligi). Shu bilan birga subfebril harorat, anemiya, yaralar va sinishlarning bitishining sekinlashuvi kuzatiladi. Simptomlar vitamin S qabul qilingandan so‘ng yo‘qoladi.