-
Tarkibi
Bitta tabletkada:
faol modda: bisoprolol fumarat 2,5 mg, 5 mg va 10 mg;
yordamchi moddalari: mikrokristallik, silikatlangan tsellyuloza (PROSOLV® EASYtab SP), natriy kroskarmelloza, natriy kraxmal glikolyat A turi, magniy stearat;
qobiq tarkibi: opadry oq, opadry sariq* opadry pushti, gipromelloza, titan dioksid (E171), polietilenglikol/makrogol, polivinil spirt, titan dioksid (E171), polietilenglikol/makrogol, talk, vanilin, sariq xinolinniy alyuminiy lak (E104), gipromelloza, titan dioksid (E171), laktoza monogidrat, polietilenglikol/makrogol, triatsetin, temir oksidi sariq (E172), temir oksidi qizil (E172), temir oksidi qora (E172).
-
Qo'llanilishi
Chap qorinchani sistolik funksiyasi pasaygan barqaror surunkali yurak yetishmovchiligini davolashda, AKE ingibitorlari va diuretiklar, shuningdek yurak glikozidlari bilan birga qo‘llaniladi.
-
Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar
bisoprolol faol moddasiga yoki har qanday yordamchi moddalarga yuqori sezuvchanlik;
o‘tkir yurak yetishmovchiligi yoki dekompensatsiya bosqichidagi yurak yetishmovchiligi, bu holatda tomir ichiga inotrop terapiya talab qilinadi;
kardiogen shok;
atrioventrikulyar blokada II va III daraja (elektrokardiostimulyatorsiz);
sinus tugunining zaiflik sindromi;
sinoatriyal blokada;
simptomatik bradikardiya;
simptomatik gipotenziya;
og‘ir bronxial astma;
periferik arterial obstruktiv kasallikning kech bosqichlari yoki Reyno kasalligi;
davolanmagan feoxromotsitoma;
metabolik atsidoz;
18 yoshgacha bo‘lgan bolalar (samaradorlik va xavfsizlik aniqlanmagan);
homiladorlik va laktatsiya davri.
-
Qo'llash usuli
Surunkali yurak yetishmovchiligini davolashning standart sxemasi AKF ingibitori (yoki AKF ingibitorlariga toqat qilinmasa angiotenzin II retseptorlari antagonistlari), beta-blokator, diuretiklar va zarur bo‘lganda yurak glikozidlarini qo‘llashni o‘z ichiga oladi. Bisoprolol bilan davolashni boshlashda bemorlar barqaror holatda bo‘lishi kerak (o‘tkir yurak yetishmovchiligi bo‘lmasligi kerak).
Davolovchi shifokor surunkali yurak yetishmovchiligini davolashda tajribaga ega bo‘lishi tavsiya etiladi.
Titratsiya bosqichi yoki undan keyin yurak yetishmovchiligi kechishining vaqtinchalik yomonlashuvi, arterial gipotenziya yoki bradikardiya yuzaga kelishi mumkin.
Dozalash tartibi
Titratsiya bosqichi
Surunkali yurak yetishmovchiligini bisoprolol bilan davolash majburiy titratsiya bosqichini o‘tkazishni talab qiladi.
Bisoprolol bilan davolash quyida keltirilgan bosqichlarga muvofiq dozani bosqichma-bosqich oshirish bilan boshlanishi kerak:
1,25 mg kuniga bir marta 1 hafta davomida, yaxshi toqat qilinsa oshirish
2,5 mg kuniga bir marta keyingi hafta davomida, yaxshi toqat qilinsa oshirish
3,75 mg kuniga bir marta keyingi hafta davomida, yaxshi toqat qilinsa oshirish
5 mg kuniga bir marta keyingi 4 hafta davomida, yaxshi toqat qilinsa oshirish
7,5 mg kuniga bir marta keyingi 4 hafta davomida, yaxshi toqat qilinsa oshirish
10 mg kuniga bir marta qo‘llab-quvvatlovchi davolash sifatida.
Maksimal tavsiya etilgan doza 10 mg kuniga 1 marta.
Titratsiya bosqichida hayotiy ko‘rsatkichlar (yurak urish tezligi, arterial bosim) va yurak yetishmovchiligi rivojlanishining simptomlarini diqqat bilan nazorat qilish zarur. Simptomlar terapiya boshlanganidan keyin birinchi kunidayoq namoyon bo‘lishi mumkin.
Davolashni tuzatish
Agar maksimal tavsiya etilgan doza yomon toqat qilinsa, dozani bosqichma-bosqich kamaytirish ko‘rib chiqilishi kerak.
Yurak yetishmovchiligi kechishining vaqtinchalik yomonlashuvi, arterial gipotenziya yoki bradikardiya yuzaga kelganda, hamroh davolash preparatlari dozasini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi. Shuningdek, bisoprolol dozasini vaqtincha kamaytirish yoki bekor qilish talab qilinishi mumkin.
Bemor holati barqarorlashgandan so‘ng, bisoprololni qayta buyurish va/yoki dozani titratsiya qilish imkoniyatini har doim ko‘rib chiqish kerak.
Qabul qilishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, dozani bosqichma-bosqich kamaytirish tavsiya etiladi, chunki to‘satdan bekor qilish bemor holatining o‘tkir buzilishiga olib kelishi mumkin.
Surunkali yurak yetishmovchiligini bisoprolol bilan davolash odatda uzoq muddatli bo‘ladi
Jigar yoki buyrak funksiyasi buzilgan bemorlar
Surunkali yurak yetishmovchiligi bo‘lgan va hamroh jigar yoki buyrak funksiyasi buzilgan bemorlarda bisoprolol farmakokinetikasi bo‘yicha ma’lumotlar yo‘q. Shu sababli, ushbu bemor guruhlarida dozani oshirish qo‘shimcha ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi kerak.
Keksalar
Dozani tuzatish talab qilinmaydi.
Bolalar
Bisoprololni pediatriyada qo‘llash tajribasi yo‘qligi sababli, uni bolalarda qo‘llash tavsiya etilmaydi.
Qo‘llash usuli va yo‘li
Bisoprolol-SANTO preparatini chaynashsiz, ertalab nonushta vaqtida, oz miqdorda suyuqlik bilan qabul qilish kerak.
Bir yoki bir nechta doza o‘tkazib yuborilganda zarur bo‘lgan choralar
O‘tkazib yuborilgan doza o‘rnini qoplash uchun ikki barobar doza qabul qilmaslik kerak.
Dori vositasini qo‘llash usulini tushuntirish uchun tibbiy xodimga murojaat qilish bo‘yicha tavsiyalar
Dori vositasini qabul qilishdan oldin shifokorga yoki maslahatchiga murojaat qiling
-
Nojo´ya ta´sirlar
Ko‘pincha:
bosh aylanishi*, bosh og‘rig‘i*;
ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, qabziyat;
qo‘llar va oyoqlarda sovuqlik yoki uvishish hissi;
charchoq*.
Kamdan-kam
bradikardiya, atrioventrikulyar o‘tkazuvchanlik buzilishi, mavjud yurak yetishmovchiligining yomonlashuvi;
bronxial astma yoki nafas yo‘llarining obstruktiv kasalligi anamnezida bo‘lgan bemorlarda bronxospazm;
mushak zaifligi, mushak spazmlari;
gipotoniya;
asteniya;
depressiya, uyqu buzilishlari.
Juda kam
trigliseridlar darajasining oshishi, jigar fermentlari (ALT, AST) darajasining oshishi;
hushdan ketish;
yig‘i ajralishining kamayishi (bemor kontakt linzalar taqqanda hisobga olish kerak);
eshitish buzilishlari;
allergik rinit;
gipersensitivlik reaksiyalari, masalan, qichishish, qizarish, toshma;
gepatit;
potensiya buzilishlari;
tungi vahimalar, gallyutsinatsiyalar.
Juda kamdan-kam
kon’yunktivit;
soch to‘kilishi. Beta-blokatorlar psoriazni qo‘zg‘atishi yoki kuchaytirishi yoki psoriazga o‘xshash toshma chaqirishi mumkin.
*Ushbu simptomlar davolash boshida ko‘proq uchraydi. Odatda ular kuchsiz bo‘ladi va odatda 1-2 hafta ichida yo‘qoladi.
Har qanday gumon qilingan nojo‘ya ta’sirlar haqida xabar berish juda muhim. Bu ushbu dori vositasining foyda/xavf nisbatini doimiy nazorat qilish imkonini beradi.
-
Farmakologik xususiyatlari
Ta'sir mexanizmi
Bisoprolol – yuqori selektiv β1-adrenoblokator, ichki simpatomimetik va membranostabilizatsion faollikka ega emas. Bronx va tomirlarning silliq mushaklaridagi β2-retseptorlarga va fermentativ metabolik boshqaruvdagi β2-retseptorlarga past affinitetga ega. Shunday qilib, Bisoprolol preparati, odatda, nafas yo'llarining qarshiligiga va β2-orqali metabolik jarayonlarga ta'sir qilmaydi. Uning β1-selektivligi terapevtik dozalardan tashqariga chiqadi.
Klinik samaradorlik va xavfsizlik
CIBIS II tadqiqotiga jami 2647 bemor kiritilgan. 83% (n = 2202) NYHA tasnifiga ko'ra III sinfga va 17% (n = 445) NYHA bo'yicha IV sinfga mansub edi. Bemorlar barqaror simptomatik sistolik yurak yetishmovchiligi (ejeksiya fraksiyasi ≤ 35% ekokardiyografiya ma'lumotlariga ko'ra) tashxisi bilan edi. Umumiy o'lim darajasi 17,3% dan 11,8% gacha kamaydi (nisbiy kamayish 34%). To'satdan o'lim tezligi kamaydi (3,6% ga nisbatan 6,3%, nisbiy kamayish 44%) va yurak yetishmovchiligi epizodlari soni, kasalxonaga yotqizishni talab qilgan holatlar kamaydi (12% ga nisbatan 17,6%, nisbiy kamayish 36%). Bundan tashqari, NYHA tasnifiga muvofiq funksional holatning sezilarli yaxshilanishi qayd etildi. Davolash kursi boshida va bisoprolol titrlanishida bradikardiya (0,53%), arterial gipotenziya (0,23%) va o'tkir dekompensatsiya (4,97%) sababli kasalxonaga yotqizish holatlari kuzatildi, biroq ular platsebo guruhiga nisbatan ko'proq emas edi (0%, 0,3% va 6,74%). Tadqiqot davomida o'limga olib keluvchi va nogironlikka sabab bo'lgan insultlar soni bisoprolol guruhida 20 ta, platsebo guruhida esa 15 tani tashkil etdi.
CIBIS III tadqiqotiga 65 yosh va undan katta, yengil va o'rtacha surunkali yurak yetishmovchiligi (SYY; NYHA bo'yicha II yoki III sinf) va chap qorincha ejeksiya fraksiyasi ≤ 35% bo'lgan, ilgari angiotenzin aylantiruvchi ferment (AAF) ingibitorlari, beta-blokatorlar yoki angiotenzin retseptorlari blokatorlarini qabul qilmagan 1010 bemor kiritilgan. Bemorlar bisoprolol va enalapril kombinatsiyasi bilan dastlabki 6 oylik terapiyadan so'ng 6 dan 24 oygacha davolangan yoki faqat bisoprolol yoki enalapril bilan davolangan.
Bisoprololni dastlabki 6 oylik davolash sifatida qo'llashda surunkali yurak yetishmovchiligi kechishining yomonlashuvi tez-tez uchrashi tendensiyasi kuzatildi. Bisoprolol bilan dastlabki davolash samaradorligi enalaprilga nisbatan kam emasligi isbotlanmadi, garchi protokol bo'yicha olingan ma'lumotlar tahlili natijasida bisoprololning dastlabki monoterapiyasining ustunligi ko'rsatilmagan bo'lsa-da, surunkali yurak yetishmovchiligi davolashining har ikkala boshlang'ich strategiyasi asosiy birlashtirilgan yakuniy nuqtada, ya'ni o'lim va kasalxonaga yotqizish ko'rsatkichi bo'yicha o'xshash natija ko'rsatdi (bisoprolol guruhida 32,4% va enalapril guruhida 33,1% tadqiqot protokolini bajargan populyatsiyada). Tadqiqot shuni ko'rsatadiki, bisoprolol yoshi katta, yengil yoki o'rtacha darajadagi surunkali yurak yetishmovchiligi bo'lgan bemorlarda ham qo'llanilishi mumkin.
Bisoprolol, shuningdek, arterial gipertenziya va stenokardiyani davolash uchun ham qo'llaniladi.
Ishemik yurak kasalligi (IYuK) bo'lgan, surunkali yurak yetishmovchiligi belgilari bo'lmagan bemorlarda bir martalik qo'llanganda bisoprolol yurak urish tezligini va yurak zarb hajmini kamaytiradi va natijada yurak chiqishi va kislorod sarfini kamaytiradi. Uzoq muddatli qo'llashda dastlab yuqori bo'lgan umumiy periferik tomir qarshiligi kamayadi.
-
Maxsus ko'rsatmalar
Bisoprolol-SANTO preparatini qo‘llashda barqaror surunkali yurak yetishmovchiligini davolash titrlash bosqichidan boshlanishi kerak.
Ishemik yurak kasalligi bo‘lgan bemorlarda davolashni zaruratsiz to‘satdan to‘xtatish tavsiya etilmaydi, chunki bu holatning vaqtinchalik yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Bisoprolol-SANTO preparati bilan davolashni boshlash va to‘xtatish muntazam monitoringni talab qiladi. Hozirgi vaqtda quyidagi kasalliklar va patologik holatlarda surunkali yurak yetishmovchiligini davolash bo‘yicha yetarli terapevtik tajriba yo‘q:
I tip qandli diabet;
buyrak funksiyasining og‘ir buzilishlari;
jigar funksiyasining og‘ir buzilishlari;
restriktiv kardiomiopatiya;
tug‘ma yurak nuqsonlari;
yurak klapanlari nuqsonlari, yaqqol gemodinamik buzilishlar bilan;
so‘nggi 3 oy ichida miokard infarkti.
Bisoprolol-SANTO preparatini quyidagi holatlarda bemorlarga ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak:
bronxospazm (bronxial astma, nafas yo‘llarining obstruktiv kasalliklarida);
qon glyukozasi darajasining sezilarli tebranishlari bilan kechuvchi qandli diabet – gipoglikemiya simptomlari yashirin bo‘lishi mumkin;
qat’iy dieta;
desensibilizatsiya o‘tkazish. Boshqa β-blokatorlar kabi, Bisoprolol-SANTO preparati allergenlarga sezuvchanlikni oshirishi va anafilaktik reaksiyalar og‘irligini kuchaytirishi mumkin. Bunday hollarda adrenalin bilan davolash har doim ham ijobiy terapevtik ta’sir bermasligi mumkin;
I darajali blokada;
Printsmetal stenokardiyasi;
periferik arteriyalarning oblitiratsiyalovchi kasalliklari (davolash boshida shikoyatlar kuchayishi mumkin);
umumiy anesteziya.
Umumiy anesteziya rejalashtirilgan bemorlarda β-blokatorlarni qo‘llash narkoz, intubatsiya va operatsiyadan keyingi davrda aritmiya va miokard ishemiyasi holatlarini kamaytiradi. β-blokatorlarni intraoperatsion davrda davom ettirish tavsiya etiladi. Anesteziolog boshqa dori vositalari bilan potentsial o‘zaro ta’sirni hisobga olishi kerak, bu bradiaritmiya, reflektor taxikardiya va qon yo‘qotilishini kompensatsiya qilish reflektor mexanizmining imkoniyatlarini pasayishiga olib kelishi mumkin. Bisoprolol-SANTO preparatini operatsiyadan oldin bekor qilish zarur bo‘lsa, doza bosqichma-bosqich kamaytirilishi va Bisoprolol-SANTO preparatini umumiy anesteziyadan 48 soat oldin to‘xtatish kerak.
Bisoprolol-SANTO preparatini verapamil yoki diltiazem guruhi kalsiy antagonistlari, I klass antiaritmik preparatlar va markaziy ta’sirli gipotenziya vositalari bilan birga qo‘llash tavsiya etilmaydi.
Kardioselektiv β-blokatorlar (β1) neselektiv β-blokatorlarga nisbatan o‘pka funksiyasiga kamroq ta’sir ko‘rsatishiga qaramay, barcha β-blokatorlar kabi, obstruktiv nafas yo‘llari kasalliklarida, agar davolash uchun jiddiy sabablar bo‘lmasa, ularni qo‘llashdan saqlanish kerak. Zarurat tug‘ilganda Bisoprolol-SANTO preparatini ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak. Obstruktiv nafas yo‘llari kasalliklari bo‘lgan bemorlarda Bisoprolol-SANTO preparati bilan davolash eng past mumkin bo‘lgan doza bilan boshlanishi va bemorlarda yangi simptomlar (masalan, nafas qisilishi, jismoniy yuklamaga toqat qilmaslik, yo‘tal) paydo bo‘lishi kuzatilishi kerak. Bronxial astma yoki boshqa surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklarida bronxodilatatorlar bilan birga davolash ko‘rsatilgan. Ba’zi hollarda, preparatni qabul qilayotgan bronxial astmali bemorlarda nafas yo‘llari tonusi oshishi tufayli yuqoriroq dozalarda ß2-simpatomimetiklar talab qilinishi mumkin.
Psoriazi bo‘lgan (shu jumladan anamnezida) bemorlarga beta-adrenoblokatorlar (masalan, bisoprolol) faqat foyda/xavf nisbati sinchiklab baholangandan so‘ng qo‘llanilishi kerak.
Feoxromotsitomali bemorlarga Bisoprolol-SANTO preparati faqat oldindan α-adrenoblokatorlar bilan davolash fonida buyuriladi.
Tireotoksikoz simptomlari preparatni qabul qilish fonida yashirin bo‘lishi mumkin.
Bisoprolol-SANTO preparatini qo‘llash doping-nazoratdan o‘tishda ijobiy natijalar olishga sabab bo‘lishi mumkin. Bisoprolol-SANTO preparatini doping sifatida qo‘llash sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin.
Maxsus ogohlantirishlar
Homiladorlik va emizish davrida
Homiladorlik yoki laktatsiya davrida
Bisoprololning farmakologik faolligi homiladorlik va/yoki homila/yangi tug‘ilgan chaqaloqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Umuman, beta-blokatorlar platsenta perfuziyasini kamaytiradi, bu esa bachadonda rivojlanishning orqada qolishi, bachadonda o‘lim, homila tushishi yoki erta tug‘ruqqa olib kelishi mumkin. Nojo‘ya ta’sirlar (masalan, gipoglikemiya va bradikardiya) homila va yangi tug‘ilgan chaqaloqda yuzaga kelishi mumkin. Beta-blokatorlar bilan davolash zarur bo‘lsa, β1-selektiv beta-blokatorlar afzalroqdir.
Bisoprolol-SANTO homiladorlik davrida, faqat zarur hollardan tashqari, qo‘llash tavsiya etilmaydi. Agar bisoprolol bilan davolash zarur deb hisoblansa, bachadon-placentar qon oqimi va homila o‘sishini nazorat qilish kerak. Homiladorlik yoki homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatilsa, muqobil terapevtik choralarni ko‘rib chiqish kerak. Yangi tug‘ilgan chaqaloq diqqat bilan kuzatilishi kerak. Gipoglikemiya va bradikardiya simptomlari, odatda, hayotining dastlabki 3 kunida kutiladi.
Bisoprolol inson ko‘krak sutiga o‘tadimi noma’lum. Shuning uchun bisoprolol bilan davolash vaqtida emizish tavsiya etilmaydi.