Farmakologik xususiyatlari
Rinfant kombinatsiyalangan tuzli plazmani almashtiruvchi eritma bo‘lib, izotonik konsentratsiyadagi asosiy qon ionlarining muvozanatli aralashmasini va uglevodlarni 1% glyukoza eritmasi ko‘rinishida o‘z ichiga oladi. Metabolik atsidozni bartaraf etadi, kislota-ishqor muvozanatini va qonning suv-elektrolit tarkibini normallashtiradi. Preparatning davolovchi ta’siri OTsK (aylanayotgan qon hajmi)ning vaqtincha oshishi, natriy, kaliy, magniy va kalsiy ionlari yetishmovchiligini to‘ldirish, shuningdek, atsetat ionining bikarbonatga aylanishi bilan bog‘liq. Rinfant diurezni kuchaytiradi, antiagregant xususiyatga ega, mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi, detoksikatsion, qarshi shok ta’sir ko‘rsatadi.
Natriy xlorid – elektrolit, rehidratatsion va detoksikatsion ta’sir ko‘rsatadi. Turli patologik holatlarda natriy va xlor ionlari yetishmovchiligini bartaraf etadi. Gomeostazni saqlash uchun eng muhim element hisoblanadi. Xlorid hujayra tashqarisidagi eng muhim anion bo‘lib, membrana potensiali uchun javob beradi, natriy almashinuvi bilan chambarchas bog‘liq. Organizmning kislota-ishqor muvozanatidagi o‘zgarishlar xloridlar konsentratsiyasining o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Kaliy xlorid – elektrolit, suv-elektrolit muvozanatini tiklaydi. Manfiy xrono- va batmotrop ta’sir ko‘rsatadi, yuqori dozalarda – manfiy ino-, dromotrop va o‘rtacha diuretik ta’sir ko‘rsatadi. Nerv impulslarini o‘tkazish jarayonida ishtirok etadi. Atsetilxolin miqdorini oshiradi va vegetativ asab tizimining simpatik bo‘limini qo‘zg‘atadi. Mushak distrofiyasi va miasteniya holatida skelet mushaklarining qisqarish jarayonini yaxshilaydi.
Kalsiy xlorid – elektrolit, kalsiy ionlari yetishmovchiligini bartaraf etadi. Kalsiy ionlari nerv impulslarini o‘tkazish, skelet va silliq mushaklarning qisqarishi, miokard faoliyati, suyak to‘qimasining shakllanishi, qon ivish jarayonlari uchun zarur. Hujayra va tomir devorining o‘tkazuvchanligini kamaytiradi, yallig‘lanish reaksiyalarining rivojlanishini oldini oladi, organizmning infeksiyalarga chidamliligini oshiradi va fagotsitozni sezilarli darajada kuchaytirishi mumkin.
Magniy – asab tizimi qo‘zg‘aluvchanligini normallashtiradi, spazmolitik va tomir kengaytiruvchi xususiyatlarga ega, ichak peristaltikasini rag‘batlantirish, o‘t ajralishini oshirish qobiliyatiga ega. Magniy tuzlari fermentativ jarayonlarda ishtirok etadi. Bundan tashqari, magniy oqsil va nuklein kislotalar sintezi, energiyani tashish, saqlash va o‘zlashtirish, neyroximik uzatish va mushak qo‘zg‘aluvchanligini tartibga solishda ishtirok etadi. Presinaptik membrana orqali kalsiy ionlarining kirib kelishiga to‘sqinlik qiladi, fiziologik kalsiy antagonisti hisoblanadi, hujayra ichidagi kaliy muvozanatini nazorat qiladi, asab to‘qimasida atsetilxolin miqdorini kamaytiradi va trombotsitlar agregatsiyasini susaytiradi.
Glyukoza – suv yetishmovchiligini tezda to‘ldiradi, organizmdagi turli almashinuv jarayonlarida ishtirok etadi, kaloriya manbai hisoblanadi, oson metabolizatsiyalanadi, organizmda oqsil va azot yo‘qotilishini kamaytirishi mumkin, glikogen to‘planishiga yordam beradi va ketozni kamaytiradi yoki oldini oladi, yetarli dozalashda. Organizmda oksidlanish-qaytarilish jarayonlarini kuchaytiradi, jigarni antitoksik funksiyasini yaxshilaydi, yurak mushaklarining qisqaruvchanlik faoliyatini kuchaytiradi, bir qator patologik holatlarda organizm zaxiralaridan sarflanadigan energiya sarfini qisman qoplaydi, chunki oson o‘zlashtiriladigan uglevodlar manbai hisoblanadi. Glyukozaning kaloriyali qiymati taxminan 16 kJ yoki 3,75 kkal/g. Organizmni glyukoza bilan ta’minlash asab tizimi to‘qimalari, eritrotsitlar va buyraklarning miya moddasining faoliyati uchun zarur.