-
Tarkibi
faol modda: etamzilat - 125,0 mg;
yordamchi moddalari: natriy metabisulfit, natriy sulfit suvdan holi, dinatriy edetat (Trilon B), in'ektsiya uchun suv - 1,0 ml gacha.
-
Qo'llanilishi
Turli etiologiyali kapillyar qon ketishlarni oldini olish va davolash:
stomatologik, otorinolaringologik, ginekologik, urologik, oftalmologik amaliyotda, akusherlik va plastik jarrohlikda barcha yaxshi vaskulyarizatsiyalangan to‘qimalarda operatsiyadan oldin, davomida va keyin;
gematuriya, metroragiya, birlamchi menoragiya, bachadon ichi kontratseptivlari bo‘lgan ayollarda menoragiya, burun qon ketishi, milk qonashi;
diabetik mikroangiopatiya (gemorragik diabetik retinopatiya, to‘r pardaga qayta qon quyilishi, gemoftalm);
yangi tug‘ilgan va muddatidan oldin tug‘ilgan bolalarda bosh ichiga qon quyilishi;
arterial gipertenziya fonida burun qon ketishi;
dori vositalarini qabul qilish bilan bog‘liq qon ketishlar;
gemorragik diatez (jumladan, Verlgof kasalligi, Villebrand-Yurgens kasalligi, trombotsitopatiya).
-
Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar
preparat komponentlariga yuqori sezuvchanlik;
bronxial astma;
o‘tkir porfiriya;
tromboemboliya;
tromboz;
bolalarda gemoblastoz (limfoblastik va mieloblastik leykoz);
osteosarkoma.
Ehtiyotkorlik bilan
Antikoagulyantlar dozasi oshirilganda qon ketishlar, anamnezda tromboz yoki tromboemboliya, homiladorlik.
Preparat yurak ritmi buzilishi va zo‘riqish stenokardiyasi bo‘lgan bemorlarga ehtiyotkorlik bilan buyuriladi.
-
Qo'llash usuli
Preparatni vena ichiga (sekin) yoki mushak ichiga qo‘llaniladi. Kattalar uchun etamzilatning optimal sutkalik doza miqdori tana vazniga 15-20 mg/kg ni tashkil etadi, bu doza 3-4 marta bo‘lib, mushak ichiga yoki sekin vena ichiga yuboriladi. Agar Etamzilat preparati 0,9 % natriy xlorid eritmasi bilan aralashtirilsa, uni darhol qo‘llash kerak.
Kattalar uchun
Operatsion aralashuvlarda profilaktik maqsadda vena ichiga yoki mushak ichiga 250-500 mg (1-2 ampula) vena ichiga yoki operatsiyadan 1 soat oldin mushak ichiga yuboriladi.
Operatsiya vaqtida vena ichiga 250-500 mg (1-2 ampula) etamzilat yuboriladi, zarur bo‘lsa, ushbu doza yana bir marta takrorlanishi mumkin.
Operatsiyadan so‘ng har 4-6 soatda 250-500 mg (1-2 ampula) yuboriladi, qon ketish xavfi yo‘qolguncha davom ettiriladi. Qon ketishni to‘xtatish uchun vena ichiga yoki mushak ichiga 250-500 mg (1-2 ampula) yuboriladi, so‘ngra har 4-6 soatda 250 mg dan 5-10 kun davomida yuboriladi.
Metro- va menorragiyalarni davolashda preparat 250 mg dan vena ichiga yoki mushak ichiga har 6-8 soatda 5-10 kun davomida qo‘llaniladi. Diabetik mikroangiopatiyada preparat subkon’yunktival yoki retrobulbar yo‘l bilan 125 mg (1/2 ampula) dozada yuboriladi.
Etamzilat preparatini mahalliy qo‘llash mumkin (masalan, teri transplantatsiyasi, tish olib tashlangandan so‘ng va h.k.): tampon ampula tarkibi bilan namlanadi va qon ketayotgan joyga yoki tish olib tashlangandan so‘ng tish o‘rniga qo‘yiladi. Zarur bo‘lsa, ampula tarkibi bilan namlangan tamponni yana qo‘yish yoki preparatni og‘iz orqali yoki parenteral qabul qilish bilan birga qo‘llash mumkin.
Bolalar uchun: kattalar dozasini 50% ga kamaytirish kerak.
Neonatologiyada Etamzilat preparati mushak ichiga 10 mg/kg tana vazniga (0,1 ml = 12,5 mg) dozada qo‘llaniladi. Davolash tug‘ilgandan keyingi dastlabki 2 soat ichida boshlanishi kerak, so‘ngra har 6 soatda 4 kun davomida yuboriladi.
-
Nojo´ya ta´sirlar
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, nojo‘ya ta’sirlar rivojlanish tez-tezligiga ko‘ra quyidagicha tasniflanadi: tez-tez (>1/100, <1/10), kam (>1/1000, <1/100), juda kam (>1/10000, <1/1000) va juda noyob (<1/10000), alohida xabarlarni ham o‘z ichiga oladi.
Ovqat hazm qilish tizimi tomonidan tez-tez: ko‘ngil aynishi, epigastral sohada og‘irlik.
Teri va teri osti to‘qimalari tomonidan tez-tez: teri toshmasi; tez-tezligi noma’lum: yuz terisida giperemiya.
Nerv tizimi tomonidan tez-tez: bosh og‘rig‘i; tez-tezligi noma’lum: bosh aylanishi, pastki oyoqlarda paresteziya.
Yurak-qon tomir tizimi tomonidan: juda noyob: tromboemboliya, arterial bosimning keskin pasayishi.
Qon va limfa tizimi tomonidan: juda noyob: agranulositoz, neyropeniya, trombotsitopeniya.
Tayanch-harakat apparati tomonidan: kam: artralgia.
Immun tizimi tomonidan juda noyob: allergik reaksiyalar.
Boshqalar tez-tez: asteniya; juda noyob: isitma.
Ushbu nojo‘ya ta’sirlar, odatda, qaytar va davolashdan so‘ng yo‘qoladi.
Agar teri noxush reaksiyalari yoki isitma yuzaga kelsa, davolashni to‘xtatish va shifokorga xabar berish zarur, chunki bu yuqori sezuvchanlikning dastlabki belgisi bo‘lishi mumkin.
-
Farmakologik xususiyatlari
Etamzilat gemostatik, antigemoragik va angioprotektor vosita bo‘lib, tomir devori o‘tkazuvchanligini normallashtiradi, mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi.
Trombositlar hosil bo‘lishini va ularning suyak iligidan chiqishini rag‘batlantiradi.
Trombositlar adgeziyasini oshiradi, kapillyar devorlarini barqarorlashtiradi, shu tariqa ularning o‘tkazuvchanligini kamaytiradi, trombositlarning dezagregatsiyasini, vazodilatatsiyani va kapillyarlarning o‘tkazuvchanligini oshiruvchi prostaglandinlar sintezini tormozlaydi, bu esa qon ketish vaqtini qisqartiradi va qon yo‘qotilishini kamaytiradi.
Birlamchi tromb hosil bo‘lish tezligini oshiradi va uning retraksiyasini kuchaytiradi, deyarli qon plazmasidagi fibrinogen konsentratsiyasiga va protrombin vaqtiga ta’sir qilmaydi.
Qayta qo‘llanganda tromb hosil bo‘lishi kuchayadi. Etamzilat periferik qon tarkibiga, uning oqsillari va lipoproteinlariga deyarli ta’sir qilmaydi. Eritrotsitlar cho‘kish tezligi biroz kamayishi mumkin. Qon tomirlaridan suyuqlik va shaklli elementlarning chiqishini va diapedazini kamaytiradi, mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi. Tomirlarni toraytiruvchi ta’sir ko‘rsatmaydi.
Antigialuronidaz faolligiga ega bo‘lib va askorbin kislotani barqarorlashtirib, kapillyar devorida yuqori molekulyar massali mukopolisaxaridlar hosil bo‘lishiga yordam beradi va ularning yemirilishiga to‘sqinlik qiladi, kapillyarlarning rezistentligini oshiradi, ularning "mo‘rtligini" kamaytiradi, patologik jarayonlarda o‘tkazuvchanlikni normallashtiradi. Bu angioprotektor ta’sir mikrotsirkulyatsiya jarayonining birlamchi va ikkilamchi buzilishlari bilan bog‘liq turli kasalliklarni davolashda namoyon bo‘ladi.
-
Maxsus ko'rsatmalar
Etamzilatni trombozlar yoki tromboemboliyalar anamnezida bo‘lgan bemorlarga buyurishda ehtiyotkorlik zarur (garchi tromb hosil bo‘lishini induktsiyalash aniqlanmagan bo‘lsa ham).
Antikoagulyantlar dozasi oshib ketishi bilan bog‘liq gemorragik asoratlarda maxsus antidotlardan foydalanish tavsiya etiladi. Qon ivish tizimi ko‘rsatkichlari buzilgan bemorlarda Etamzilatni qo‘llash mumkin, biroq bu aniqlangan yetishmovchilik yoki ivish tizimi omillaridagi nuqsonni bartaraf etuvchi dori vositalarini kiritish bilan to‘ldirilishi lozim. Davolashni boshlashdan oldin, preparat trombotsitopeniyasi bo‘lgan bemorlarda samarali emasligini inobatga olish zarur. Etamzilat preparatini parenteral kiritish arterial bosimni pasaytirishi mumkinligi sababli, arterial bosim o‘zgarishlari yoki gipotoniyadan aziyat chekayotgan bemorlarni diqqat bilan nazorat qilish lozim. Etamzilat tarkibida sulfitlar mavjudligi sababli, allergiyasi bo‘lgan bemorlarga kiritishda ham ehtiyotkorlikka rioya qilish zarur.
Allergik reaksiya yuzaga kelganda, preparat bilan davolashni darhol to‘xtatish lozim.
Homiladorlik va laktatsiya davri
Homiladorlik davrida qo‘llash faqat onaga bo‘lgan potentsial foyda homilaga bo‘lgan mumkin bo‘lgan xavfdan ustun bo‘lsa, mumkin. Laktatsiya davrida preparatni buyurish zarur bo‘lsa, emizishni to‘xtatish masalasini hal qilish lozim.
Dori vositasining transport vositalarini yoki potentsial xavfli mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri
Preparatning transport vositalari va diqqatni jamlashni talab qiluvchi boshqa mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri haqida ma’lumotlar yo‘q.
Boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta’siri
Farmatsevtik jihatdan boshqa dori vositalari bilan (bitta shpritsda) mos kelmaydi. 10 mg/kg tana vazniga doza dekstranlar (o‘rtacha molekulyar massa 30-40 ming Da) kiritilishidan 1 soat oldin kiritilishi ularning antiagregant ta’sirini oldini oladi.
Dekstran bilan bir vaqtda kiritish zarur bo‘lsa, avval etamzilat eritmasini kiritish lozim. Dekstranlar kiritilgandan keyin Etamzilat kiritilishi gemostatik ta’sir ko‘rsatmaydi.
Aminokapron kislotasi va menadion natriy bisulfit bilan birga qo‘llash mumkin.
Tiamin (vitamin V1) bilan bir vaqtda kiritish tavsiya etilmaydi, chunki u ushbu dori shaklida (in’ektsiya uchun eritma) mavjud bo‘lgan sulfit bilan inaktivatsiyalanadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, Etamzilatni vena ichiga kiritishda, u fermentativ usulda aniqlanadigan qondagi kreatinin, laktat, triglitseridlar, siydik kislotasi va xolesterin miqdoriga 12 soatgacha ta’sir qilishi mumkin.
Etamzilat bilan davolash vaqtida laboratoriya tadqiqot natijalariga ta’sirini minimallashtirish uchun preparat birinchi marta kiritilishidan oldin (masalan, qon) namuna olish tavsiya etiladi.