Farmakologik xususiyatlari
Vitamin D3 - organizmdagi kalsiy va fosfor almashinuvining regulyatori, ichakda kalsiyning so‘rilishini va buyrak kanallari orqali fosforning reabsorbtsiyasini kuchaytiradi. Suyak to‘qimasining shakllanishida ishtirok etadi, bolalarda suyak skeleti va tishlarning shakllanishiga, suyaklarning mineralizatsiyasiga yordam beradi, ossifikatsiya jarayonini kuchaytiradi, suyaklarning tuzilishini tiklaydi. Elektrolit almashinuvini tartibga soladi, qonda kalsiy ionlarining fiziologik konsentratsiyalarda bo‘lishini ta’minlaydi, bu esa skelet mushaklarining tonusini saqlashga, miokard funksiyasiga, nerv qo‘zg‘alishini o‘tkazishga yordam beradi, qon ivish jarayonini tartibga soladi. Vitamin D3 parashitovid bezlarning normal faoliyati uchun zarur, lipidlar almashinuvida, arterial bosim darajasini tartibga solishda, hujayralarning differentsiatsiyasini stimullashda, hujayra proliferatsiyasini ingibitsiyalashda, immunologik reaksiyalarning amalga oshishida ishtirok etadi.
Oziq-ovqatda vitamin D yetishmasligi, uning so‘rilishining buzilishi skelet kasalliklarining (raxit, osteomalatsiya, osteoporoz) rivojlanishida, shuningdek, ko‘plab keng tarqalgan skeletdan tashqari kasalliklar (yurak-qon tomir patologiyasi, artritlar, o‘smalar, autoimmun kasalliklar va boshqalar) rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Vitamin D yetishmovchiligi ko‘pincha menopauza davridagi ayollarda, shuningdek, keksalar orasida, ayniqsa, to‘liq yoki muvozanatsiz ovqatlanadigan, jismoniy faolligi past bo‘lgan, shuningdek, tabiiy insolyatsiyasi past bo‘lgan mamlakatlar va hududlarda yashovchi odamlarda uchraydi. 65 yosh va undan katta yoshdagi odamlarda terida vitamin D hosil bo‘lish qobiliyati 4 barobar kamayadi.