Maxsus ko'rsatmalar
Laktoatsidoz
Metformin to‘planishi bilan kam uchraydigan, ammo xavfli metabolik asorat – laktoatsidoz paydo bo‘lishi mumkin. Laktoatsidoz diabet va o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda aniqlanadi. Laktoatsidoz holatlarini kamaytirish uchun diabet nazoratini kuchaytirish, shuningdek, ketoz, uzoq muddatli ochlik, spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilish, jigar yetishmovchiligi va gipoksiya bilan kechadigan xavfli holatlarni kamaytirish lozim.
Buyrak funksiyasini nazorat qilish
Metformin buyraklar orqali chiqariladi. Shu sababli, metformin to‘planishi va laktoatsidoz rivojlanish xavfi buyrak funksiyasi buzilish darajasiga bog‘liq ravishda ortadi. Shu sababli, metformin qondagi kreatinin darajasi yoshga mos normal ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan bemorlarga buyurilmaydi. Keksalarga metformin ehtiyotkorlik bilan va minimal terapevtik doza tanlanib buyuriladi. 80 yoshdan oshgan keksalarda buyrak funksiyasini nazorat qilish va preparatning maksimal dozasini buyurmaslik lozim. Vena ichiga yuboriladigan kontrast modda buyrak funksiyasi buzilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi sababli, radiologik tekshiruv o‘tkazilayotganda metformin qabul qilish to‘xtatiladi (48 soat oldin) va tekshiruv tugagach, buyrak funksiyasi nazoratidan so‘ng qayta boshlanadi.
Gipoksiya
Gipoksiya, kardiovaskulyar shok, o‘tkir yurak yetishmovchiligi, o‘tkir miokard infarkti laktoatsidoz bilan kechishi va prerenal azotemiya sababchisi bo‘lishi mumkinligi sababli, metformin qabul qilish to‘xtatiladi.
Jarrohlik amaliyotida qo‘llash
Har qanday jarrohlik amaliyoti oldidan (bemorga konsentrlangan va suyuq ovqat qabul qilish mumkin bo‘lgan amaliyotlardan tashqari) metformin qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi va operatsiyadan so‘ng buyrak funksiyasi nazorat qilinib, qayta boshlanadi.
Spirtli ichimliklarni qabul qilish
Spirtli ichimliklar metforminning sut kislotasi almashinuvidagi ta’sirini kuchaytiradi. Shu sababli, bemorlar spirtli ichimliklarni haddan tashqari iste’mol qilishning salbiy ta’siri haqida ogohlantirilishi lozim.
Jigar funksiyasi buzilishi
Jigar funksiyasi buzilishi laktoatsidoz bilan kechishi mumkinligi sababli, metformin laborator va klinik tekshiruvlar bilan tasdiqlangan jigar shikastlanishi bo‘lgan shaxslarga ehtiyotkorlik bilan buyurilishi lozim.
Gipoglikemiya
Metformin normal kaloriyali ovqat bilan qabul qilinganda gipoglikemiyaga olib kelmaydi, ammo kaloriya yetishmovchiligida gipoglikemiya yuzaga kelishi mumkin. Qon glyukozasi darajasini tartibga solishning buzilishi
Diabeti bo‘lgan, holati muayyan diabetik rejimga rioya qilish bilan barqarorlashtirilgan bemorlarda yuqori harorat, jarohatlar, infeksiyalar yoki jarrohlik aralashuvlar qon glyukozasi darajasini tartibga solishning buzilishiga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda metformin qabul qilish to‘xtatiladi va insulin buyuriladi.
Homiladorlik va laktatsiya davrida qo‘llash
Homiladorlik
So‘nggi tadqiqotlar homiladorlik davrida qon glyukozasi darajasining buzilishi homilada tug‘ma anomaliyalar xavfini oshirishini ko‘rsatdi. Mutaxassislarning aksariyati homiladorlikda insulin qo‘llashni tavsiya etadi. Metformin homiladorlik davrida faqat zaruriyat bo‘lsa qo‘llanilishi lozim. Laktatsiya Metforminning ko‘krak suti bilan ajralishi haqida ma’lumot yo‘qligi sababli, preparat laktatsiya davrida qo‘llanilmaydi.
Bolalarda qo‘llash
2-tip diabet bilan kasallangan 10-16 yoshli pediatrik bemorlarda metforminni qo‘llash samaradorligi va xavfsizligi tasdiqlangan. Ushbu yoshdagi bolalar uchun maksimal tavsiya etiladigan sutkalik doza 2000 mg ni tashkil etadi.
Transport vositalari va potensial xavfli mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri
Metformin qabul qilish gipoglikemiyaga olib kelmaydi va shu sababli transport vositalari va boshqa mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’sir qilmaydi. Shunga qaramay, metformin bilan birga boshqa gipoglikemik vositalarni qabul qilayotgan shaxslarga gipoglikemiya rivojlanishi mumkinligi sababli ehtiyotkorlik tavsiya etiladi. Preparat yaroqlilik muddati tugagandan so‘ng qo‘llanilmasligi va bolalar ololmaydigan joyda saqlanishi lozim.