Farmakologik xususiyatlari
Piridoksin gidroxlorid suvda eruvchan vitaminlar guruhiga kiradi (vitamin V6). Vitamin V6 yetishmovchiligini to‘ldiradi, aminokislotalar va neyromediatorlar almashinuviga tartibga soluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Vitamin V6 markaziy va periferik asab tizimining normal faoliyati uchun zarur. Piridoksin fermentlar tarkibiga kiradi: transaminazalar va dekarboksilazalar, ular aminokislotalar almashinuvini va neyromediatorlar sintezini ta’minlaydi. Mushaklarda (shu jumladan miokardda) piridoksin glikogen parchalanish jarayonlarini faollashtiradi va gipoksiya sharoitida mushaklarning energetik almashinuvini optimallashtiradi. Triptofanlardan nikotin kislotasi (vitamin RR) sintezini ta’minlaydi. Glutamin kislotasi, metionin, sistein almashinuvini tartibga soladi. Asab tizimida piridoksin neyromediatorlar: noradrenalin, dofamin, glitsin, GAMK va serotonin sintezida ishtirok etadi. Shu bilan birga, u ko‘rsatilgan mediatorlar muvozanatini tormozlovchi mediatorlar - GAMK, glitsin, shuningdek, serotonin ustunligi tomon o‘zgartiradi. Shunday qilib, piridoksin markaziy asab tizimi (MAT) qo‘zg‘aluvchanligini tartibga solishda ishtirok etadi. Piridoksin antinotsitseptiv tizimni faollashtiradi va analgezik vositalarning ta’sirini kuchaytiradi. Lipid almashinuvining normallashishiga yordam beradi. Gemoglobin tarkibidagi gem sintezini rag‘batlantiradi, suyak iligida temir bilan bog‘lovchi oqsil (siderofilin) sintezini oshiradi, vitamin V12 va foliy kislotasi almashinuvini tartibga soladi. Trombositlar va fibrinogen yuzasidagi lizin qoldiqlari bilan bog‘lanib, qon ivish tezligini va trombositlar agregatsiyasini sekinlashtiradi, qonning suyuqligini va to‘qimalarning qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi. Piridoksin steroid gormonlar: estrogenlar, androgenlar, gestagenlar, glyukokortikosteroid gormonlar ta’sirini modifikatsiya qiladi, gormon-retseptor kompleksi va hujayra yadrosi o‘zaro ta’sirini o‘zgartiradi. Piridoksinning izolyatsiyalangan yetishmovchiligi juda kam uchraydi, asosan maxsus sun’iy ovqatlanishda bo‘lgan bolalarda (diareya, tutqanoq, anemiya bilan namoyon bo‘ladi, periferik nevropatiya rivojlanishi mumkin).