Farmakologik xususiyatlari
Temir glyukonat - organizmdagi temir tanqisligini to‘ldiradi, gemoglobin tarkibiga kiradi.
S vitamini - inson organizmida hosil bo‘lmaydi, faqat oziq-ovqat bilan kiradi. Oksidlanish-qaytarilish jarayonlarini, uglevod almashinuvini, qonni ivish jarayonini, to‘qimalarning regeneratsiyasini tartibga solishda ishtirok etadi; organizmning infeksiyalarga chidamliligini oshiradi, tomirlar o‘tkazuvchanligini kamaytiradi. Temir, foliy kislotasi, gistamin almashinuvida, karbogidratlarni utilizatsiya qilishda, lipidlar, oqsillar, karnitin sintezida, immun reaksiyalarda ishtirok etadi. Antigregant va yaqqol antioksidant xususiyatlarga ega.
Foliy kislotasi - qon yaratuvchi organlar funksiyalarini tartibga solish jarayonlarida faol ishtirok etadi, makrotsitar anemiyada anti-anemik ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ichak va jigar funksiyalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, jigar tarkibidagi xolinni oshiradi va uning yog‘li infiltratsiyasining oldini oladi. Foliy kislotasi immun tizimini qo‘llab-quvvatlaydi, oq qon tanachalarining normal hosil bo‘lishi va faoliyat yuritishiga yordam beradi. Foliy kislotasi homiladorlikda muhim rol o‘ynaydi. U embrion nerv hujayralarining shakllanishini tartibga soladi, bu esa normal rivojlanish uchun nihoyatda muhimdir.
B12 vitamini - qon yaratuvchi organlar funksiyasini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi: u purin va pirimidin asoslari, eritropoez jarayoni uchun zarur bo‘lgan nuklein kislotalar sintezida ishtirok etadi, eritrotsitlarda sulfgidril guruhlarini o‘z ichiga olgan birikmalar to‘planishiga faol ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, B12 vitamini transmetillanish, vodorod tashish jarayonlarida ishtirok etadi, metionin sintezini faollashtiradi. Oqsil sintezi va organizmda to‘planish qobiliyatini kuchaytirib, anabolik ta’sir ko‘rsatadi.
B6 vitamini aqliy va jismoniy ish qobiliyatini oshiradi, qondagi glyukoza darajasini tartibga soladi, qalqonsimon bez, buyrak usti bezlari va jinsiy bezlar faoliyatini normallashtiradi, miya to‘qimalarida moddalar almashinuvini yaxshilaydi, asab tizimini mustahkamlaydi, antidepressant hisoblanadi. Markaziy va periferik asab tizimi kasalliklarida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Piridoksin yetishmovchiligi anemiya, dermatit va tutqanoq chaqiradi.
Sink — leykotsitlar, antitanachalar, gormonlar, timus bezi faoliyatini rag‘batlantiradi, bu esa organizmning qarshiligini oshiradi va yaralarning bitishini tezlashtiradi. Shuningdek, detoksikatsiya funksiyasini bajaradi, organizmdan uglerod ikki oksidini chiqarib yuboradi. Sink insulin sekretsiyasi, ishlab chiqarilishi va utilizatsiyasi uchun zarur bo‘lib, u uglevod almashinuvida ishtirok etadi. Sink buyrak usti bezlari, qalqonsimon bez, gipofiz, tuxumdon va moyaklarda sodir bo‘ladigan almashinuv jarayonlarida ishtirok etadi. Uning miqdori erkak jinsiy gormonlari shakllanishi va prostata bezining sog‘lom holati uchun katta ahamiyatga ega. Sink 300 dan ortiq fermentlar tarkibiga kiradi, bu mikroelementning fiziologik funksiyalari soni va xilma-xilligi bo‘yicha noyob xususiyatidir.
Mis - hujayralarning antioksidant himoyasini ta’minlaydi, kollagen sintezida ishtirok etadi, anemiya va organlar hamda to‘qimalarning kislorod yetishmovchiligini oldini oladi, osteoporoz rivojlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi. Tomirlar devorini mustahkamlaydi.