Maxsus ko'rsatmalar
Relantan kontratsepsiya maqsadida qo'llanilmaydi.
Gormon o'rnini bosuvchi terapiyani boshlashdan oldin bemor tibbiy ko'rikdan o'tishi kerak (yosh xavf guruhlarida mamografiya va servikal sitologiya qilish tavsiya etiladi), alohida e'tibor sut bezlari va tos a'zolarini tekshirishga qaratilishi lozim, Papanikolaou bo'yicha surtma olish kerak.
Relantan pubertatgacha bo'lgan o'smirlar (epifiz plastinkasi yopilmaguncha)ga buyurilmaydi.
Relantan shishlar bilan kechadigan kasalliklarda, yurak-qon tomir tizimi kasalliklarida, shu jumladan surunkali yurak yetishmovchiligi, nefrotik sindrom va boshqa buyrak kasalliklarida, shuningdek, epilepsiya, migren va bronxial astmada ehtiyotkorlik bilan buyuriladi. Preparat organizmda suyuqlikni ushlab qoladi, bu yuqorida ko'rsatilgan holatlarning kuchayishiga sabab bo'lishi mumkin.
Relantan anamnezda ekzema, gipertonik kasallik, retrobulbar nevrit, mental depressiya, demensiya, giperlipoproteinemiya, yallig'lanish kasalliklari, infeksiyalar, fotosensitivlik mavjud bo'lsa ehtiyotkorlik bilan buyuriladi. Relantan bilan davolash vaqtida og'ir mental depressiya rivojlangan taqdirda preparatni qabul qilishni to'xtatish kerak.
Progesteron bilan davolash vaqtida oraliq yoki noturg'un vaginal qon ketishi yuzaga kelganda, qon ketishining nofunktsional genezini istisno qilish kerak. Tashxislanmagan vaginal qon ketishi bo'lgan bemorlarga yetarli diagnostik muolajalar o'tkazilishi lozim.
Preparat tuxumdon kistasida ehtiyotkorlik bilan buyuriladi.
Relantan glyukoza tolerantligi buzilgan yoki qandli diabeti bo'lgan bemorlarga ehtiyotkorlik bilan buyuriladi.
Relantanning geriatriya yoshidagi bemorlarda qo'llanilishi: doza tanlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish, davolashni eng kam tavsiya etilgan doza bilan boshlash maqsadga muvofiq.
Preparatni maxsus klinik holatlarda qo'llash: buyrak funksiyasi pasaygan hollarda Relantan intensiv monitoring sharoitida ehtiyotkorlik bilan qo'llaniladi.
Jigar funksiyasi pasaygan hollarda preparatni qabul qilish mumkin emas.
Pediatriyada qo'llanilishi: bolalarga preparat buyurilmaydi.
Avtotransport boshqarish va mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta'siri
Relantan bilan davolash davrida diqqat va tez psixomotor reaksiya talab qiladigan harakatlarni bajarishda ehtiyotkorlikka rioya qilish lozim, chunki o'tkinchi bosh aylanishi va uyquchanlik, diqqatni jamlash qobiliyatining pasayishi ehtimoli mavjud.
Homiladorlik va laktatsiya
Homiladorlikning birinchi va ikkinchi trimestrida preparat shifokor tavsiyasiga ko'ra buyuriladi. Relantan homiladorlikning uchinchi trimestrida jigar funksiyasi buzilishi xavfi tufayli ehtiyotkorlik bilan qo'llaniladi. Progesteron ko'krak sutiga o'tadi. Emizish davrida preparat ehtiyotkorlik bilan qo'llaniladi.