-
Tarkibi
1 tabletka tarkibida faol modda sifatida 225 mg yoki 450 mg tsefiksim trigidrat mavjud, bu 200 mg yoki 400 mg tsefiksimga to‘g‘ri keladi;
Yordamchi moddalari: makkajo‘xori kraxmali, mikrokristallik sellyuloza, magniy stearati, tozalangan talk, laktoza, natriy kraxmal glikolyat, aspartam
-
Qo'llanilishi
Preparatga sezgir mikroorganizmlar chaqirgan infeksion-yallig‘lanish kasalliklari: faringit; tonzillit; sinusit; o‘tkir va surunkali bronxit; o‘rta otit; asoratsiz siydik yo‘llari infeksiyalari; asoratsiz gonoreya.
-
Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar
- tsefeksim va preparatning boshqa komponentlariga yuqori sezuvchanlik; - buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan va vazni 25 kg dan kam bo‘lgan bolalarga.
Ehtiyotkorlik bilan
- keksalik yoshi;
- buyrak yetishmovchiligi;
- kolit (anamnezda);
- homiladorlik, laktatsiya davri.
-
Qo'llash usuli
Kattalar va 12 yoshdan oshgan, tana vazni 50 kg dan ortiq bo‘lgan bolalar uchun o‘rtacha sutkalik doza — 400 mg (kuniga 1 marta yoki 200 mg dan kuniga 2 marta). Davolash kursining o‘rtacha davomiyligi — 7–10 kun.
Oddiy kechuvchi gonoreyada — 400 mg kuniga 1 marta.
Buyrak funksiyasi buzilganda doza qonda kreatinin klirensi ko‘rsatkichi asosida belgilanadi: kreatinin klirensi 21–60 ml/min bo‘lsa yoki gemodializdagi bemorlarda sutkalik doza 25% ga kamaytirilishi kerak. Kreatinin klirensi 20 ml/min dan kam yoki teng bo‘lsa yoki peritoneal dializdagi bemorlarda sutkalik doza 2 marta kamaytirilishi kerak.
Tana vazni 25 dan 50 kg gacha bo‘lgan bolalar uchun o‘rtacha sutkalik doza 200 mg kuniga 1 marta.
Qo‘llashdan bevosita oldin tabletkani 1 osh qoshiq qaynatilgan va sovutilgan suvda eritish kerak.
Davolash davomiyligi kasallik kechishi va infeksiya turiga bog‘liq. Preparatni kasallik alomatlari yo‘qolganidan va/yoki tana harorati normallashganidan keyin yana 48-72 soat davom ettirish kerak.
LOR va nafas olish organlari infeksiyalarida kurs davomiyligi 7-14 kun.
Streptococcus pyogenes sababli tonzillofaringitda davolash davomiyligi kamida 10 kun bo‘lishi kerak.
Ayollarda oddiy kechuvchi pastki siydik yo‘llari infeksiyalarida preparatni 3-7 kun, oddiy kechuvchi yuqori siydik yo‘llari infeksiyalarida esa 14 kun qo‘llash kerak.
Erkaklarda oddiy kechuvchi pastki va yuqori siydik yo‘llari infeksiyalarida davolash kursi 7-14 kun.
-
Nojo´ya ta´sirlar
Allergik reaksiyalar
Kamdan-kam
- toshma (urtikariya);
- teri giperemiyasi;
- teri qichishishi;
- jinsiy a'zolar sohasida qichishish.
Juda kamdan-kam
- Stivens-Djonson sindromi;
- toksik epidermal nekroliz (Layell sindromi);
- anafilaktik shok.
Nerv tizimi tomonidan
- bosh og‘rig‘i;
- bosh aylanishi;
- quloqda shovqin;
- bezovtalik.
Siydik-tanosil tizimi tomonidan
Juda kamdan-kam
- kreatinin va mochevina darajasining oshishi, gematuriya bo‘lishi mumkin.
Ovqat hazm qilish tizimi tomonidan
Tez-tez
- ko‘ngil aynishi, qusish;
- diareya;
- qorin og‘rig‘i;
- qabziyat.
Kamdan-kam
- soxta membranoz enterokolit.
Qon hosil qiluvchi organlar tomonidan
Juda kamdan-kam
- o‘tkinchi leykopeniya, pansitopeniya, agranulositoz, trombotsitopeniya, eozinofiliya, qon ketishi.
Noma'lum tezlikda
- gemolitik anemiya
-
Farmakologik xususiyatlari
Tsefiksim og‘iz orqali qabul qilinadigan III avlod tsefalosporin antibiotigi bo‘lib, ko‘pchilik gram-musbat va gram-manfiy mikroorganizmlarga nisbatan kuchli antibakterial faollikka ega.
Ta’sir mexanizmi qo‘zg‘atuvchining hujayra membranasi sintezini bostirish bilan bog‘liq. Gram-musbat va gram-manfiy mikroorganizmlarning beta-laktamazalariga chidamli.
Streptococcus pneumoniae, Streptococcus pyogenes, Streptococcus agalactiae, Haemophilus influenzae, Haemophilus parainfluenzae, Moraxella catarrhalis (shu jumladan, beta-laktamaza ishlab chiqaruvchi shtammlar), Escherichia coli, Proteus mirabilis, Proteus vulgaris, Neisseria gonorrhoeae, Klebsiella pneumoniae, Klebsiella oxytoca, Pasteurella multocida, Providencia spp., Salmonella spp., Shigella spp., Citrobacter spp. (shu jumladan, Citrobacter diversus), Serratia marcescens ga nisbatan yuqori faollikka ega.
Pseudomonas spp., Acinetobacter spp, ba’zi Streptococcus shtammlari, Enterococcus spp. (metitsillinbardosh shtammlar), Listeria monocytogenes, Bacteroides fragilis, Staphylococcus ning ko‘pchilik shtammlari, Enterobacter va Clostridium tsefiksimga chidamli.
-
Maxsus ko'rsatmalar
Penitsillinlarga allergik reaksiyalari bo‘lgan bemorlarda tsefalosporin antibiotiklariga yuqori sezuvchanlik bo‘lishi mumkin. Allergik reaksiya paydo bo‘lsa, preparatni qo‘llashni to‘xtatish va zarur hollarda mos choralarni ko‘rish kerak.
Boshqa antibakterial preparatlar kabi, tsefiksimni uzoq muddat qo‘llashda ichakning normal mikroflorasi buzilishi mumkin, bu esa Clostridium difficile o‘sishiga, og‘ir diareya va soxta membranoz kolitga olib kelishi mumkin.
Davolash vaqtida soxta musbat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kumbs reaksiyasi va siydikda glyukoza, ketonuriya uchun soxta musbat reaksiya bo‘lishi mumkin.
-
Dozani oshirib yuborilishi
Simptomlar: yuqorida tavsiflangan nojo‘ya ta’sirlarning kuchayishi.
Davolash: oshqozonni yuvish, simptomatik va qo‘llab-quvvatlovchi terapiya.
Gemodializ va peritoneal dializ samarasiz.
-
Dorilarning o'zaro ta'siri
Kanallik sekretsiyasi blokatorlari (allopurinol, diuretiklar va boshqalar) tsefiksimning buyraklar orqali chiqarilishini sekinlashtiradi, bu esa toksikligini oshirishga olib kelishi mumkin. Tsefiksim protrombin indeksini pasaytiradi, bilvosita antikoagulyantlarning ta'sirini kuchaytiradi. Magniy yoki alyuminiy gidroksidini o'z ichiga olgan antatsidlar preparatning so‘rilishini sekinlashtiradi. Tsefiksim va karbamazepin bir vaqtda qo‘llanilganda, oxirgisining konsentratsiyasi oshadi.