Farmakologik xususiyatlari
Atsetazolamid kuchli karboangidraza ingibitori bo‘lib, diuretik faolligi sust. Ta’sir mexanizmi uglerod kislotasi molekulasida Nа+ va N+ ionlarining ajralishini bostirish bilan bog‘liq. Atsetazolamid tomonidan karboangidraza faolligining ingibitsiyasi nefronning proksimal kanalchasida uglerod kislotasi sintezini bostiradi. Uglerod kislotasining yetishmasligi, u N+ ionlarini Nа+ ionlariga almashtirish uchun zarur bo‘lgan N+ ionlarining manbai bo‘lib, buyraklar tomonidan natriy va suv chiqarilishini oshiradi. Atsetazolamid ta’sirida nefronning distal qismida ko‘p miqdorda natriy ajralishi natijasida Nа+ ionlarining K+ ionlariga almashtirilishi kuchayadi, bu esa kaliy yo‘qotilishi va gipokalemiyaning rivojlanishiga olib keladi. Atsetazolamid bikarbonatlarning chiqarilishini oshiradi, bu esa metabolik atsidoz rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Atsetazolamid siydik bilan fosfatlar, magniy, kalsiy chiqarilishini chaqiradi, bu ham metabolik buzilishlarga olib kelishi mumkin. Qo‘llash boshlanganidan 3 kun o‘tgach, atsetazolamid diuretik xususiyatini yo‘qotadi. Davolashda bir necha kun tanaffusdan so‘ng, qayta buyurilgan atsetazolamid karboangidraza normal faolligi tiklangani sababli diuretik ta’sirini tiklaydi. Atsetazolamidning ekstrarenal ta’siri glaukoma davolashda qo‘llaniladi. Kiprik tanachasi karboangidrazasining bostirilishi ko‘z oldi kamerasi suvli namligi sekretsiyasini kamaytiradi, bu esa ko‘z ichki bosimini pasaytiradi. Preparat epilepsiyani davolashda yordamchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Bosh miya nerv hujayralarida karboangidraza ingibitsiyasi patologik qo‘zg‘aluvchanlikni sekinlashtiradi. Atsetazolamid likvorodinamik buzilishlar va bosh ichki gipertenziyasini davolashda qo‘llaniladi. Preparat bosh miya, xususan, qorinchalar to‘rlarida karboangidraza faolligini bostiradi va orqa miya suyuqligi ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Atsetazolamid kislota-ishqor muvozanatini metabolik atsidoz tomonga o‘zgartiradi, bu nafas buzilishlarini, jumladan, markaziy genezli uyqu apnoesi sindromini davolashda qo‘llaniladi.
Farmakokinetika
Atsetazolamid me’da-ichak yo‘llaridan yaxshi so‘riladi. Og‘iz orqali 500 mg qabul qilinganda maksimal konsentratsiya (12-27 mkg/ml) 1-3 soatda erishiladi. Minimal konsentratsiyalarda qonda 24 soat davomida saqlanadi. Atsetazolamid platsentar to‘siqdan o‘tadi, oz miqdorda ko‘krak sutiga o‘tadi. To‘qimalarda to‘planmaydi va organizmda metabolizmga uchramaydi. Buyraklar orqali o‘zgarmagan holda chiqariladi. Og‘iz orqali qabul qilingandan so‘ng, qabul qilingan dozaning taxminan 90% siydik bilan 24 soat ichida chiqariladi.