Farmakologik xususiyatlari
Endogen estrogenlar, asosan, ayol reproduktiv tizimining rivojlanishi, saqlanishi va ayollarga xos ikkilamchi jinsiy belgilar shakllanishi uchun javobgardir. Garchi endogen estrogenlar va ularning oraliq-metabolitlari dinamik muvozanatda bo‘lsa-da, estradiol asosiy hujayra ichidagi estrogen bo‘lib, uning metabolitlari estron va estriolga nisbatan kuchliroqdir, ular retseptor darajasida ta’sir ko‘rsatadi. Endogen estrogenlar gonadotropin, lyuteinlashtiruvchi gormon (LG) va follikulostimullovchi gormon (FSG) sekretsiyasini teskari aloqa mexanizmi orqali boshqaradi. Premenopauza davridagi ayollarda vaginal pH ko‘rsatkichi 3,5 – 5,0 ni tashkil etadi, bu laktobatsill bakteriyalari tomonidan sut kislotasi ishlab chiqarilishini aks ettiradi. Postmenopauza davrida vaginal pH ko‘rsatkichi 6,0-8,0 gacha ko‘tariladi, bu esa vaginal laktobakterial kolonizatsiyaning kamayishi, yuzaki hujayralarning kamayishi va natijada glikogen miqdorining pasayishi hamda vaginal epiteliyning yupqalashuvi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, ushbu atipik vaginal pH ko‘rsatkichi 6,0–8,0 va estrogen konsentratsiyasining pasayishi, xamirturush zamburug‘lari va bakteriyalar, shu jumladan ichak tayoqchasi ko‘payishi uchun qulay patogen omil hisoblanadi. Shu sababli, postmenopauza davrida vagina infeksiya va yallig‘lanish rivojlanishi xavfiga duchor bo‘ladi. Siydik chiqarish yo‘llarining sog‘lom holati vagina holati bilan chambarchas bog‘liq, ayniqsa estrogen yetishmovchiligi holatida. Atipik vaginal pH ko‘rsatkichi 6,0–8,0 va patogen organizmlar pastki siydik chiqarish yo‘llariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, natijada o‘tkir va qaytalanuvchi uretrit va tsistit kasalliklari xavfi oshadi. Shunday qilib, estrogen vaginal muhitning kislotaliligini normallashtirishga yordam beradi. Estrogen yetishmovchiligi siydik pufagi uchburchagida atrofik o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi, siydik-jinsiy diafragma mushaklari va biriktiruvchi tuzilmasining elastikligini kamaytiradi, kollagen almashinuvini buzadi va siydik pufagi bo‘yni va siydik chiqarish kanali sfinkterini innervatsiya qiluvchi adrenergik tizim faolligini pasaytiradi. Shunday qilib, ekzogen estrogenlar siydik chiqarish buzilishlarini, masalan, tez-tez, shoshilinch siydik chiqarish, oz miqdorda siydik tutib turolmaslikni davolashga yordam berishi va siydik-jinsiy fiziologiyani tiklashi mumkin.