-
Tarkibi
1 kapsulada quyidagilar mavjud:
faol komponent: soya loviyalaridan olingan fosfolipidlar (sinonimlari: EPL, essensial fosfolipidlar) – 300 mg, 80% fosfatidilxolin o'z ichiga olgan - 240 mg;
yordamchi moddalar: qattiq yog' – 57,000 mg, soya loviyalari yog'i – 36,000 mg, gidrogenlangan kastor yog'i – 1,600 mg, etanol 96% – 8,100 mg, etilvanilin – 1,500 mg, 4-metoksiatsetofenon – 0,800 mg, α-tokoferol – 0,750 mg.
Kapsula tarkibi: jelatin – 67,945 mg, tozalangan suv – 11,495 mg, titan dioksid (E 171) – 0,830 mg, temir oksid sariq bo'yoq (E 172) – 2,075 mg, temir oksid qora bo'yoq (E 172) – 0,332 mg, temir oksid qizil bo'yoq (E 172) – 0,198 mg, natriy laurilsulfat
– 0,125 mg.
-
Qo'llanilishi
Surunkali gepatitlar, jigar sirrozi, jigar yog'li distrofiyasi turli etiologiyali, jigar toksik shikastlanishlari, alkogolli gepatit, boshqa somatik kasalliklarda jigar funksiyasining buzilishi.
Homiladorlik toksikozi.
O't toshlari qaytalanishining oldini olish.
Psoriaz (yordamchi terapiya vositasi sifatida).
Radiatsion sindrom.
-
Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar
Preparat tarkibidagi fosfatidilxolin, soya, soya loviyalari yoki boshqa ingredientlarga yuqori sezuvchanlik.
12 yoshgacha bo'lgan bolalar yoshi (etarlik dalillar bazasining yo'qligi).
-
Qo'llash usuli
Og'iz orqali. Kapsulalarni butun holda yutish, yetarli miqdorda suv (taxminan 1 stakan) bilan ichish kerak. 12 yoshdan katta va vazni 43 kg dan ortiq bo'lgan o'smirlar hamda kattalar uchun Essentiale® forte N ni ovqat paytida kuniga 3 marta 2 kapsuladan qabul qilish tavsiya etiladi. Tavsiya etilgan davolash kursi – 3 oy. Kurs shifokor tomonidan individual tarzda belgilanishi mumkin.
-
Nojo´ya ta´sirlar
Essentiale® forte N preparati odatda bemorlar tomonidan yaxshi ko‘tariladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, nojo‘ya ta’sirlar rivojlanish tez-tezligiga ko‘ra quyidagicha tasniflanadi: juda tez-tez (≥ 1/10), tez-tez (≥1/100, < 1/10), kamdan-kam (≥1/1000, < 1/100), kam (≥1/10000, < 1/1000) va juda kam (< 1/10000); tez-tezligi noma’lum (mavjud ma’lumotlar asosida aniqlab bo‘lmaydi).
Ovqat hazm qilish tizimi tomonidan
Tez-tezligi noma’lum: oshqozon noqulayligi, yumshoq najas yoki diareya.
Teri va teri osti to‘qimalari tomonidan
Tez-tezligi noma’lum: allergik reaksiyalar (to‘shma, ekzantema, eshakemi), qichishish.
-
Farmakologik xususiyatlari
Essensial fosfolipidlar hujayra va hujayra organellalari qobig‘i tuzilmasining asosiy elementlari hisoblanadi. Jigar kasalliklarida doimo jigar hujayralari va ularning organellalari qobig‘ining shikastlanishi kuzatiladi, bu esa ular bilan bog‘liq fermentlar va retseptor tizimlari faolligining buzilishiga, jigar hujayralari funksional faolligining pasayishiga va regeneratsiya qobiliyatining kamayishiga olib keladi.
Essentsiale® forte N preparati tarkibiga kiruvchi fosfolipidlar kimyoviy tuzilishi bo‘yicha endogen fosfolipidlarga mos keladi, biroq ular endogen fosfolipidlardan faolroq, chunki ularning tarkibida ko‘proq miqdorda ko‘p to‘yinmagan (essensial) yog‘ kislotalari mavjud. Ushbu yuqori energiyali molekulalarning gepatotsitlarning shikastlangan hujayra membranalariga qo‘shilishi jigar hujayralari yaxlitligini tiklaydi, ularning regeneratsiyasiga yordam beradi. Ularning ko‘p to‘yinmagan yog‘ kislotalaridagi sis-ikki bog‘lar hujayra qobig‘i fosfolipidlarida uglevodorod zanjirlarining parallel joylashishini oldini oladi, gepatotsitlar hujayra qobig‘ining fosfolipid tuzilmasi
"bo‘shashadi", bu esa ularning suyuqligi va elastikligini oshiradi, moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Hosil bo‘ladigan funksional bloklar membranalarda joylashgan fermentlar faolligini oshiradi va muhim metabolik jarayonlarning normal, fiziologik yo‘nalishda kechishiga yordam beradi.
Essentsiale® forte preparati tarkibiga kiruvchi fosfolipidlar lipoproteidlar almashinuvini tartibga soladi, neytral yog‘lar va xolesterinni oksidlanish joylariga tashiydi, asosan bu yuqori zichlikdagi lipoproteidlarning xolesterin bilan bog‘lanish qobiliyatining oshishi hisobiga yuz beradi.
Shu tariqa, lipidlar va oqsillar almashinuviga, jigar detoksikatsiya funksiyasiga, jigar hujayra tuzilmasi va fosfolipidga bog‘liq ferment tizimlarini tiklash va saqlashga normallashtiruvchi ta’sir ko‘rsatiladi; bu esa oxir-oqibatda jigar to‘qimasida biriktiruvchi to‘qima hosil bo‘lishining oldini oladi va jigar hujayralarining tabiiy tiklanishiga yordam beradi. Fosfolipidlar o‘tga chiqarilganda litogen indeks pasayadi va o‘t barqarorlashadi.
Alkogolsiz yog‘li jigar kasalligi bo‘lgan bemorlarda essensial fosfolipidlarni qo‘llash nazoratli randomizatsiyalangan klinik tadqiqotlarda steatoz darajasining ishonchli pasayishiga olib kelgan.
Klinik va kuzatuv tadqiqotlarida Essentsiale® Forte N qo‘llanganida surunkali jigar kasalliklari bo‘lgan bemorlarda umumiy holat va quyidagi simptomlar yengillashgani kuzatilgan: charchoq/zayiflik, ishtahaning pasayishi, qorin sohasida og‘riq yoki noqulaylik, tez to‘yinish hissi, ovqatdan keyin to‘lishish yoki og‘irlik hissi, meteorizm, ko‘ngil aynishi. Simptomlarning sezilarli yaxshilanishi tadqiqotlarda allaqachon 4 hafta (30 kun) davolashdan so‘ng qayd etilgan.
Psoriazli bemorlarda essensial fosfolipidlarni nazoratli va kuzatuv tadqiqotlarida qo‘llash psoriatik toshmalar regressiga, psoriaz tarqalishi va og‘irligi indeksining (PASI) pasayishiga olib kelgan. Essensial fosfolipidlarni PUVA-terapiyaga qo‘shish umumiy ultrabinafsha nurlanish dozasini kamaytirgan holda remissiyaga tezroq erishishga imkon bergan.
-
Maxsus ko'rsatmalar
Essentiale® forte N preparati soya loviyalari yog'ini o'z ichiga olgani sababli og'ir allergik reaksiyalarga sabab bo'lishi mumkin.
Bemorlarni Essentiale® forte N preparatini qabul qilish ba'zi moddalar (masalan, spirtli ichimliklar) ning jigar uchun zararli ta'siridan qochish zarurligini almashtirmasligi haqida xabardor qilish lozim.
Fosfolipidlar bilan qo'llab-quvvatlovchi terapiya faqat davolash davomida holatning sub'ektiv belgilarining yaxshilanishi kuzatilganda asosli hisoblanadi. Bemorlarni simptomlar yomonlashganda yoki boshqa noaniq simptomlar paydo bo'lganda shifokor bilan maslahatlashish zarurligi haqida xabardor qilish lozim.
Transport vositalarini va mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta'siri
Essentiale® forte N preparati transport vositalarini yoki mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta'sir ko'rsatmaydi.