Farmakologik xususiyatlari
Qorag‘at lutein-LIK dori vositasining farmakologik faolligi qorag‘at quruq ekstrakti, lutein va zeaksantin komponentlarining kompleks ta’siri bilan belgilanadi. Qorag‘at quruq ekstraktining asosiy komponentlari antosianidinlar bo‘lib, ular bioflavonoidlar turkumiga kiradi, yallig‘lanishga qarshi va antioksidant ta’sirga ega, to‘r pardadagi yorug‘likka sezgir elementlarda almashinuvni, mikrotsirkulyatsiyani va qonni reologik xususiyatlarini yaxshilaydi, shuningdek, lutein va zeaksantin ham mavjud bo‘lib, ular karotinoidlar turkumiga kiruvchi antioksidantlardir. Qorag‘at quruq ekstraktida 11 ta antosianin mavjud bo‘lib, ular asosiy 5 ta aglikon-antosianidinlardan iborat: delfinidin, petunidin, peonidin, malvidin, sianidin. Antosianidinlar antioksidant, antikantserogen, yallig‘lanishga qarshi, desensibilizatsiyalovchi xususiyatlarga ega, ichakda chirish jarayonlarini to‘xtatadi, reparativ jarayonlarni rag‘batlantiradi, yaralarni bitiruvchi, shishlarga qarshi, tomirlarni mustahkamlovchi ta’sir ko‘rsatadi, tromb hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi, diabetik retinopatiya rivojlanishini sekinlashtiradi va diabetda ko‘z to‘r pardasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, katarakta hosil bo‘lishining patologik mexanizmlarini bostiradi, yaqin ko‘rishning kamayishiga yordam beradi.
Antosianidinlar to‘r pardadagi yorug‘likka sezgir pigment – rodopsinning regeneratsiyasiga yordam beradi; ko‘z to‘r pardasining trofikasini yaxshilaydi, uning mikrotsirkulyatsiyasini rag‘batlantiradi; to‘r parda to‘qimalarining himoya mexanizmlarini tiklaydi; biriktiruvchi to‘qima kollagen matritsasini mustahkamlaydi; biriktiruvchi to‘qima komponenti bo‘lgan glikozaminoglikan sintezini rag‘batlantiradi, natijada to‘r parda kapillyarlari mustahkamlanadi; hujayra membranalari fosfolipidlarini barqarorlashtiradi; erkin radikallar ta’sirida yuzaga keladigan lipidlarning peroksid oksidlanishini ingibitsiya qiladi. Shu tariqa, to‘r pardaning turli yorug‘lik darajalariga sezgirligi oshadi va past yoritilishda ko‘rish o‘tkirligi kuchayadi.
Antosianidinlar eng kuchli o‘simlik polifenol antioksidantlari bo‘lib, erkin radikallarni samarali neytrallaydi, taxminan 100 ta kasallik rivojlanishida, shu jumladan ko‘z to‘r pardasi va linzasi to‘qimalarida erkin radikal oksidlanish jarayonlarida salbiy patogenetik bog‘lanishlarni uzadi. Kuchli antioksidant ta’siri tufayli antosianozidlar lipidlarning peroksid oksidlanishini bloklaydi, bu glaukoma patogenezining bir bo‘g‘ini hisoblanadi. Ular qonga gistaminlar, proteazalar, prostaglandinlar va leyotrienlar sintezi va chiqarilishini kamaytiradi, bu organizmda yallig‘lanish reaksiyalari paydo bo‘lishining oldini oladi. Lutein va zeaksantin antioksidant, ekranlovchi, yutuvchi ta’sirga ega.
Lutein inson ko‘zining asosiy karotinoidi bo‘lib, ko‘z to‘qimasida tanlab to‘planadi va zeaksantin hamda ayrim metabolitlar bilan birga inson ko‘zining linzasi va to‘r pardasida aniqlangan yagona karotinoiddir. Lutein va zeaksantin asosiy yorug‘likni qabul qiluvchi hujayralar – fotoreseptorlarning funksional imkoniyatlarini oshiradi, ular ko‘zning barcha funksiyalarini – ko‘rish o‘tkirligi, rangni qabul qilish, ko‘rish maydoni va rangga moslashuvni ta’minlaydi va kuchaytiradi; atrof-muhitning noqulay omillari ta’sirida hosil bo‘ladigan asosiy modda – lipofussin to‘planishiga to‘sqinlik qiladi. Yillar davomida to‘planadigan lipofussin ko‘rishning pasayishiga va ko‘z kasalliklari rivojlanishiga olib keladi. Lutein va zeaksantin fotoreseptor hujayralarini yorug‘lik bilan induktsiyalangan kislorod radikallaridan himoya qiladi. Fotooksidlanish lipidlarning peroksid oksidlanishini boshlaydi, uning mahsulotlari to‘r parda uchun yuqori darajada toksik hisoblanadi. Kunduzgi yorug‘lik spektrining ko‘k qismi eng kuchli va agressiv ta’sirga ega bo‘lib, to‘r parda va pigment epiteliyida fotokimyoviy shikastlanishlarni yuzaga keltiradi. To‘r parda va linzaning tarkibiga kiruvchi lutein va zeaksantin markaziy to‘r parda zonasidan ko‘k yorug‘likni ekranlaydi, bu yerda yorug‘lik oqimi maksimal darajada fokuslanadi. Bundan tashqari, ular ko‘k yorug‘likni so‘rib olish va erkin kislorod radikallari hosil bo‘lishini bostirish, to‘r pardada ko‘p to‘yinmagan yog‘ kislotalarining yorug‘lik ta’sirida buzilishini oldini olish xususiyatiga ega. Lutein va zeaksantin birinchi darajali antioksidantlar bo‘lib, to‘r parda va linzani erkin radikallarning ta’siridan himoya qiladi.
Preparatda lutein va antosianidin saqlovchi komponentlarning birgalikda mavjudligi to‘r pardaning yoshga bog‘liq makulyar degeneratsiyasi (YBMD) rivojlanish xavfini kamaytiradi va ushbu kasallikning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Hozirgi vaqtda lutein va antosianozid preparatlarining YBMD ni davolashda samaradorligi isbotlangan.