Farmakologik xususiyatlari
Asparkam metabolik jarayonlarni tartibga soluvchi dori vositalariga kiradi. Ta'sir mexanizmi asparaginatlarning magniy va kaliy ionlarini hujayra ichki makoniga o'tkazishdagi roli va ularning metabolik jarayonlarda ishtirok etishi bilan bog'liq. Asparkam elektrolitlar disbalansini, magniy va kaliy yetishmovchiligini bartaraf etadi, miokardning qo'zg'aluvchanligi va o'tkazuvchanligini pasaytiradi, o'rtacha antiaritmik ta'sir ko'rsatadi, miokardda moddalar almashinuvini va koronar qon aylanishini yaxshilaydi, shuningdek, miokardning yurak glikozidlari va ularning toksik ta'siriga sezgirligini kamaytiradi. Mg2+ ionlari Na+, K+-ATFazalarni faollashtiradi. Shu sababli hujayra ichidagi Na+ ionlari konsentratsiyasi kamayadi va K+ ionlarining hujayraga kirishi ortadi. Hujayra ichida Na+ ionlari konsentratsiyasi kamayganda, qon tomirlarning silliq mushaklarida Na+ va Ca2+ ionlari almashinuvi sekinlashadi, bu esa ularning bo'shashishiga olib keladi. K+ ionlari ATF, glikogen, oqsillar, atsetilxolin sintezini rag'batlantiradi. K+ va Mg2+ ionlari hujayra membranalarining polaryatsiyasini saqlab turadi. Asparaginat K+ va Mg2+ ionlarining tashuvchisi bo'lib, ularning hujayra ichki makoniga kirishiga yordam beradi. Hujayraga kirgach, asparaginat ham metabolizm jarayonlariga qo'shiladi, aminokislotalar, aminoshakarlar, nukleotidlar, azotli lipidlar sinteziga yordam beradi, ishemiyalangan miokardning energetik almashinuv buzilishini tuzatadi.
Farmakokinetika
Tez va to'liq so'riladi, asosan buyraklar orqali chiqariladi. Qon plazmasida kaliy va magniy konsentratsiyasi preparat qabul qilingandan 1-2 soat o'tgach maksimal darajaga yetadi. Qondan preparat K+, Mg2+ va asparaginat ionlari ko'rinishida kardiomiyotsitlarga o'tadi va hujayra metabolizmiga qo'shiladi.